Iroq va Suriyada AQSh quvvatlovidagi mahalliy kuchlar "Islomiy davlat" terror tizimiga qarshi kurashda. Suriyaning chegaraga yaqin Raqqa shahri bu guruhning ma'muriy poytaxti. Qanday qilib?

Raqqa - neftga boy shimoliy hudud. Damashq nazorati u yerda azaldan zaif bo'lgan. Olis, mustaqil shahar.

Qadim greklar davrida qurilgan. Keyingi imperiyalar uchun savdo markazi sifatida xizmat qilgan. 796-809 yillarda Abbosiylar hukmronligi paytida Harun al-Rashid o'z xalifaligi markazini Bag'doddan Raqqaga ko'chirgan.

Suriyada fuqaro urushi avj olayotganida, 2012-yilda, Raqqada 300 ming aholi bor edi. Mamlakatda oltinchi eng yirik shahar edi. Qudrat sunniy arab qabilalar qo'lida edi. Al-Bayatra, al-Ajil, al-Brij va al-Naim qabilalari 115 ming aholiga to'g'ri kelardi. Biroq Raqqada kurd va nasroniy aholi ham katta sonni tashkil etardi. Ular bu shaharni azaliy vatani deb hisoblaydi.

2011-yilda Prezident Bashar al-Assadga qarshi qozg'olon boshlanganida Raqqa inqilobchilar shahriga aylandi. Muxolifat shu yerda qo'nim topdi.

“Ayniqsa islomiy guruhlar yopirilib keldi. Assadning qonxo'r qo'li yetmaydi, deb o'ylashdi. G'azabga to'la sunniy ulamolar va ularning taradforlari shu yerda kuch to'pladi", - deydi ekspert Deyvid Pollak.

2013-yilda Raqqa Ozod Suriya armiyasi va al-Qoida terror tizimiga yaqin al-Nusra fronti qo'liga o'tdi.

Al-Nusra fronti allaqachon Iroq Islomiy davlati deb nomlangan guruhning bir qismi edi. Unga Abu Bakr al-Bag'dodiy boshchilik qilar edi. Suriyadagi al-Qoida lideri Abu Muhammad al-Julaniy uning hamkori edi.

Vaqt o'tgani sari Bag'dodiy atrofidagi o'ta radikal odamlar Raqqaga ko'chib, al-Nusra fronti Ozod Suriya armiyasi bilan chiqisha olmay qoldi. Bu kuchlar shaharda sharia sudlari ochdi. O'z xohlaganicha "adolat" ta'minlay boshladi.

2013-yilning aprelida Bag'dodiy "Islomiy davlat" degan yagona tarmoq tuzilayotganini e'lon qildi va al-Nusrani unga kirishga chorlaydi. Al-Qoida rahbarlari bu taklifga qarshi chiqdi, shu jumladan Julaniy ham. Al-Nusra qo'shilmadi va uning safidan ko'plar yangi terror tizimiga o'tib ketdi.

2014-yilda Raqqani butkul "Islomiy davlat" hududiga aylandi. Unga bo'ysunmagan jangarilar, xususan al-Nusra va Ozod Suriya armiyasi a'zolari qatl etildi. Raqqa o'sha yilning yozidan beri bu "xalifalik" ning markazi.

"Islomiy davlat" yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiy, 2013
"Islomiy davlat" yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiy, 2013

“Bag'dodiy o'zini abbosiylar merosxo'ri sifatida tanishtirib, o'sha davrlarga xos ko'rinishda ma'ruza qilar edi, qora kiyimda", - deydi suriyalik sharhlovchi Mustafo Abdiy.

Raqqa yana islomiy poytaxt va musulmonlar xalifa Harun al-Rashid o'gitlariga rioya qilib yashaydi, derdi Bag'dodiy.

Rossiya may oyida Bag'dodiyni o'ldirganini da'vo qilmoqda. Lekin AQSh buni tasdiqlamagan.

Raqqa Iroq bilan chegaradosh ekani qo'l kelib, bu mamlakatdagi terror kuchlar uchun ham qulay joy.

Keyinchalik AQSh qo'shini va Suriyadagi hamkor kuchlar bu yo'llarni o'z nazoratiga olgach, "Islomiy davlat" boshqa norasmiy yo'nalishlar barpo etishga tushdi.

Raqqa o'tgan uch yil ichida jahamman tusini oldi. Qatliomlar maydoni. Turli davlatlargan kelgan terrorchilar qo'rg'oni.

Raqqa - qamoqxona. U yerga kelgan odam chiqib ketishi qiyin. O'lim buning bir yo'li. Aholi butkul shariaga bosh egishi kerak. Yo'q desangiz, omma oldida qatl etilasiz.

Raqqadan qochishga ulgurganlar o'z boshdan kechirganlari bilan o'rtoqlashar ekan, minglab begunoh odam nom-nishonsiz yo'q bo'lib ketganini aytadi.

Raqqa, 2017
Raqqa, 2017

AQSh hukumati taxminicha, Raqqada 3000-4000 orasida jangari bor. Uni "Islomiy davlat" dan tortib olish uchun Suriyadagi muxolif kuchlarning o'zi yetadi, deydi harbiy qo'mondonlar.

Lekin Raqqa bu bilan tinchimasligi mumkin. Izchil strategiya va rejasiz shahar yana terrorchilar makoniga aylanishi muqarrar, deydi hudud bilan yaqindan tanish mutaxassislar.

“Raqqa uchun kurash nihoyatda qiyin kechishi aniq, chunki terrorchilar u yerda chuqur ildiz otib bo'lgan", - deydi Ibrohim al-Assil, mintaqashunos olim.

“Shahar fuqaro izniga o'tishi lozim. Lekin bugun Suriya fuqarosi qanday kuchga ega? U har tomondan bosim ostida. Kimga tayana oladi? U nochor, ezilgan va o'ziga ishonchini yo'qotgan".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG