Breaking News

Inqiloblar ketidan islomiy partiyalar maydonga chiqmoqda


Tunisda “Innahda” – Uyg’onish partiyasi rahbari Rashid G’anuchiy surgundan qaytgan. Omma, ayniqsa yoshlar orasida uni quvvatlovchilar ko'p.
Tunisda “Innahda” – Uyg’onish partiyasi rahbari Rashid G’anuchiy surgundan qaytgan. Omma, ayniqsa yoshlar orasida uni quvvatlovchilar ko'p.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bir necha haftadan beri namoyishlar girdobida ekan, omma musulmon davlatlarda uzoq yillik hukmdorlarga qarshi chiqib, poraxo’rlikni tugatishni, islohotlarni tezlatishni va yoshlarga iqtisodiy imkoniyatlar yaratishni talab qilmoqda.

Namoyishlarda yoshu qari, o’rta sinf vakillari va, hatto, taqiqlangan islomiy partiyalar a’zolari faol qatnashyapti.

23 yillik boshqaruvi davomida Tunis sobiq prezidenti Zaynal Obiddin Bin Ali muxolifatni, jumladan, islomiy tuzum tarafdorlarini ezib kelgan.

U hokimiyatdan ketgach, “Innahda” – Uyg’onish partiyasi rahbari Rashid G’anuchiy 22 yillik quvg’indan yaqinda vatanga qaytdi. Tunis aeroportida uni yuzlab tarafdorlari qahramondek kutib oldi.

Odamlarga ishoning, deydi faollar, saylov adolatli o'tsa, fuqaro nima istagini aks ettiradi
Odamlarga ishoning, deydi faollar, saylov adolatli o'tsa, fuqaro nima istagini aks ettiradi

Rashid G’anuchiyning aytishicha, Islomiy harakat yetakchisi deb Usama bin Ladenni ham, Rajab Toyib Erdog’anni ham ko’rsatish mumkin.

“Nega unda axborot vositalari meni Turkiya bosh vaziriga emas, balki ben Ladenga yoki Eron oliy rahnamosi Xomayniyga qiyoslaydi”, - deb so’raydi u.

Masala yuzasidan Tunis fuqarolari turlicha fikrda.

Mana bu ayolning aytishicha, “Innahda” partiyasi ekstremizmni targ’ib qiladi. “Uni saylash Bin Ali davridagi qora kunlarga qaytish demakdik”.

Xalq qanday o'zgarish istaydi?
Xalq qanday o'zgarish istaydi?

Boshqalar nazarida esa, Tunis Respublikasi tashkil topibdiki, diniy guruhlar siyosatdan doimo chetlatilgan. “Ularga imkoniyat berish kerak”.

Zaynal Obiddin Bin Ali prezidentligi davrida “Innahda” partiyasi terrorchi guruh deb taqiqlangan edi. Ayrim ekspertlar bu qarashdan yiroq.

Volid Farez, “Yaqinlashayotgan Inqilob” nomli kitob muallifi, uni Misrdagi “Musulmon Birodarlar” va Turkiyadagi hukmron partiyaga qiyoslaydi.

“Taqiq ostida yurgan diniy-siyosiy guruhlar mana endi mamlakat hayotida faolroq bo’lishni, bo’lajak hukumatdan joy olishni istaydi. Ammo hokimiyatga kelgach, ular qanday talablar bilan chiqadi? Ko’pchilikni qiziqtirayotgan savol shu”.

Liviyadagi hozirgi vaziyat tahlilchilar nazarida shunisi bilan qo’rqinchli. 1990-yillarda AQSh prezidenti maslahatchisi bo’lgan Yan Lesser deydiki, jihodchi guruhlar uchun bu ayni muddao.

“Liviya armiyasi kichik guruhlarga bo’linib ketgan. Xavfsizlik xizmati Muammar Qaddafiyni qo’riqlash bilan band. Chekka joylarda qurol omborlari talon-taroj bo’layapti”.

Ekstremistik guruhlar uchun shuning o’zi kifoya.

Liviyaning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchisi, Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni Shimoliy Afrika kelajagini mavhum deb ta’riflaydi. “Bu jamiyatlar ikki yo’ldan borishi mumkin – demokratiya yoki islomiy fundamentalizm”, - deydi u.

"Musulmon Birodarlar" saylovda qatnashish niyatida
"Musulmon Birodarlar" saylovda qatnashish niyatida

Misrdagi “Musulmon Birodarlar” harakati partiya sifatida ro’yxatdan o’tib, saylovlarda ishtirok etishini bildirgan.

Partiya fundamentalizm va zo’ravonlikdan yiroq ekanini qayd etib, qonun doirasida faoliyat yuritishga so'z bermoqda, ammo G’arbda unga ishonch past.

1928 yilda tuzilgan bu harakat so’nggi 40 yildan beri ikki jabhada ish olib boradi: siyosiy faollik va ijtimoiy himoya, ya’ni aholiga turli sohalarda xizmatlar ko’rsatadi.

“Musulmon Birodarlar”dan Xamas singari radikal guruhlar ajralib chiqqani rost. Lekin, deydi siyosatshunos Natan Braun, Misr endi diniy tuzum bo’ladi deb xulosa qilmaslik kerak.

“Ularning maqsadi jamiyatni sekin-asta islomlashtirish. Bu degani – odamlar din haqida ko’proq bilsin, unga amal qilsin”, - deydi Natan Braun.

Qohira
Qohira

Tunis va Misrdagi kabi ommaviy chiqishlar Jazoirda ham kuzatilmoqda.

Ali Belxaj “Islom Najot Fronti” nomli tashkilotga rahbarlik qiladi. Jazoirda uning faoliyati taqiqlangan.

Ali Belxaj “bizdan qo’rqadigan xalq emas, hukmdorlar” deydi. Uning aytishicha, ommaga qo’yib berishsa, ular kimni saylashni o’zlari yaxshi biladi.

“Islom Najot Fronti” Jazoirni Islomiy Respublikaga aylantirishni maqsad qilgan. 1991 yilgi saylovda g’alabani ham qo’lga kiritgan. Harbiylar natijani bekor qilgach, Jazoirda fuqaro urushi boshlanib, minglab inson halok bo’ladi.

Siyosatshunos Jon Espozito Iordaniya, Quvayt, Turkiya, Indoneziya, Malayziya kabi mamlakatlardagi demokratik tajribaga e’tibor qaratadi.

“Islomiy partiyalar allaqachon tan olingan va saylovlarda erkin ishtirok etib keladi. Islomga xayrixoh arboblar parlamentda, vazirlar mahkamasida yoki undanda yuqori lavozimlarda o’tiradi”.

Radikalizm tahdidi Tunis va Misrdagi tuzumlar uchun repressiv siyosatni oqlovchi asosiy qurol edi.

Ekspertlar fikricha, har bir davlatni mahalliy sharoitga qarab baholagan ma’qul. Diniy guruhlar ijobiy va mo’tadil kuch sifatida davlat taraqqiyotiga hissa qo’sha oladi. Ammo tanganing ikkinchi tomoniga qarashni ham unutmaslik kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG