Breaking News

Afrikalik muhojirlar Isroildan adolat va maqom talab qilmoqda


8-yanvar kuni minglab afrikaliklar qo’chqin maqomi talab qilib, Isroil parlamenti binosi oldida namoyish uyushtirdi. Bundan oldin ham ular ayni masala yuzasidan bir necha marta norozilik bildirgan edi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, Knesset - Isroil parlamenti binosi ro’parasida 10 ming muhojir to’plangan. Yuzlab odamlar Quddusga mamlakatning boshqa qismlaridan keldi. Shu hafta boshida Tel-Avivda ham ishlash huquqini talab qilgan muhojirlarning namoyishlari bo’lib o’tgan edi.

"Biz qochqinlarmiz, himoyaga muhtojmiz”, - deya haydirgan ular. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga yo’llangan maktub namoyish chog’ida o’qib eshittirilgan. Unda muhojirlar Isroildan hibsda saqlanayotgan migrantlarni qo’yib yuborish, ularning siyosiy boshpana berish haqdagi so’rovlarini ko’rib chiqish hamda muzokara o’tkazish talab qiladi.

Asosan Eritreya va Sudandan bo’lgan bu insonlar Isroilga so’nggi yillar ichida ishlashga kelgan. Aksariyati mehmonxona va restoranlarda mehnat qiladi.

Migrantlar o’zini qochqin deb biladi va vatanini siyosiy tartibsizliklar sababli tark etganini aytadi. Isroil hukumati esa ularni iqtisodiy immigrantlar deb hisoblaydi va oqimni kamaytirish uchun turli choralar ko’rgan. Masalan, Misr bilan chegarada to’siqlar o’rnatilgan, migrantlarni hibsga olish haqida qonun qabil qilingan. Vataniga qaytganlarga moliyaviy madad beriladi.

Ko’plab isroilliklar nazarida, immigrantlar - tahdid. Shuningdek, Tel-Avivning kambag’al mahallalarida jinoyatlar ko’payganida u yerda qo’nim topgan muhojirlarni ayblashadi.

BMT qochqinlar idorasi rasmiysi Valpurga Englbrext Isroil siyosatini tandiq qilib, mamlakat janubidagi hibsxonadan hech kim chiqarilmayapti, deya ta'kidlaydi.

Xalqaro huquq tamoyillariga ko’ra, Isroil hukumati migrantlarni uyiga majburan qaytarib yubora olmaydi, chunki vatanda ular hayoti xavf ostida bo’lishi mumkin. Boshqa davlatlar esa migrantlarni o’z hududiga taklif etishga shoshmayapti. Demak, Isroil siyosiy boshpana berish haqidagi arizalarni birma-bir ko’rib chiqishga majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG