Breaking News

Qo’shma Shtatlar Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirishi ketidan bundan norozi falastinliklar namoyish qildi. Isroil politsiyasi ularga qarshi qurol ishlatib, Falastin Sog’liqni saqlash vazirligi hisobiga ko’ra kamida 58 odamni o’ldirdi, 2400 dan ziyodi jarohat olgan. Inson huquqlari tashkilotlari G’azoda namoyishchilarning o’ldirilganini tergov qilishga chaqirmoqda.

AQSh elchixonasining ochilishi Isroil davlatchiligining 70 yilligiga to’g’ri keldi. Isroil davlati ularning yerida paydo bo’lganidan hamda o’z yerlaridan haydalganidan norozi falastinliklar bir oydan beri namoyish qilmoqda, qochqinlar tarixiy yerlariga qaytishni talab qilmoqda.

Isroilning bildirishicha, G’azo va Isroilni ajratib turuvchi xavfsizlik to’sig’idan o’tishga qaratilgan harakatlarning oldi olingan. Oq uy G’azodagi qurbonlar uchun XAMAS partiyasi yetakchilarini mas’ul tutmoqda.

“XAMAS ataylab provokatsiyaga yo’l qo’ymoqda. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo aytganidek, Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Raj Shoh.

Amerika ahlining bir qismi elchixonani tortishuvga sabab bo’layotgan shaharga ko’chirish zarurati bo’lmaganini aytmoqda. Vashington shahrida bir guruh yosh yahudiylar Tramp mehmonxonasi yonida namoyish qilib, AQSh ma’muriyatini Isroil istilosiga chek qo’yishga, falastinliklarga teng huquqlar berishga chaqirdi.

“Quddus bo’lingan shahar, istilodan azob chekkan shahar. Unda yashovchi 370 ming falastinlikning isroillik qo’shnilarichalik huquqlari yo’q”, - deydi Iten Miller ismli namoyishchilardan biri.

Britaniya va Fransiya AQShni xalqaro qonun va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini poymol etganlikda aybladi.

“BMT bosh kotibiga ko’ra, Quddus maqomini barcha tomonlar muzokara yo’li bilan hal qilishi kerak”, - deydi Antoniu Guterrish matbuot kotibi o’rinbosari Farxon Haq.

BMTning Jenevada joylashgan Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissariati G’azodagi otishmalarni qoraladi.

“Oliy komissar xalqaro hamjamiyatni inson huquqlari buzilishlari oqibatida qurbon bo’lgan odamlarga adolat ko’rsatishga chaqirmoqda”, - deydi agentlik matbuot kotibi Ravina Shamdasani.

Turkiya NATOdagi ittifoqchisini mintaqadagi notinchlikda aybladi.

“Mintaqa va dunyo tinchligini saqlashda vositachi ekanini da’vo qilayotgan Qo’shma Shtatlar qatliomga qo’l urgani to’g’ri emas”, - dedi Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Isroil va Falastinni muloqotga chaqirdi.

"Rossiya bu borada ko’prik bo’lishga tayyor ekanini bir necha marta taklif etgan. Yana vositachilikni taklif qilayapmiz”, - dedi u.

Falastin rasmiylari nazarida, AQSh elchixonasini Quddusga ko'chirib, Yaqin Sharq tinchlik jarayonini puchga chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG