Breaking News

G’azoga gumanitar karvon yaqinlashmoqda, Isroil kemalarni kiritmoqchimas


Isroil armiyasi 10 yillik taqiqdan so’ng Iordan daryosining g’arbiy sohilida katta avtomobil yo’lini ochib, falastinliklar qatnoviga ruxsat bergan. Trassa Quddus va Tel-Avivni bog’laydi. 2002 yilda Isroil mashinalariga hujumdan so’ng Falastin ahli undan foydalanish huquqidan mahrum bo’lgan edi.

Bu orada gumanitar yuk ortilgan bir necha kema G’azoga yaqinlashmoqda, biroq Isroil ularni sektorga kiritmoqchi emas.

Turkiyaning uch kemasi boshchilik qilayotgan bu karvonda G’azo ahli uchun 10 ming tonna xomashyo, qurilish mollari, yordam materiallari va 700 faol bor. Flotiliya yahudiy davlati joriy etgan blokadani yorib o’tmoqchi. Isroil hukumati buni “arzon siyosiy tomosha” deb ta’riflagan.

Bu cheklov-blokada tufayli o’tgan yil boshida, Isroil-Xamas urushi natijasida vayron bo’lgan Falastin mahallalari hamon xarobazor.

Karvon safida shuningdek, Britaniya, Gretsiya, Jazoir, Quvayt, Malayziya va Irlandiya kemalari bor. Tashabbusni Istanbuldagi Inson huquqlari jamg’armasi olg’a surgan.

Jamg’arma bosh kotibi Yasar Qutluay Jeneva konvensiyasiga ishora qilar ekan, Isroil davlati urush ro’y bergan, yordamga muhtoj hududga madad eltayotgan kemalarni to’xtata olmaydi, deydi. Bu kemalarni o’qqa tutish taqiqlangan.

Isroil armiyasi karvonni ushlab, faollarni uyiga qaytarib yuborish qarorida qat’iy.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovuto’g’li gumanitar missiyani qo’llab-quvvatlab, G’azo ahliga yordam qo’lini cho’zish kerak, deydi. Tahlilchilar fikricha, G’azo taqdiri Turkiya-Isroil aloqalarida hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonlarni tinchlanishga, aql bilan ish ko’rishga da’vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG