Breaking News

Isroil-Falastin ixtilofi mavzusi AQSh qonunchilarini bo'lib qo'ydi


Isroil-Falastin ixtilofi hali beri so’nmas ekan, AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar taraflarni sulhga chaqirmoqda, respublikachilar esa XAMAS harakatini qoralayapti.

Xalqaro hayot - 20-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

10 kun oldin boshlangan mojaro amerikalik qonunchilarni bo’lib qo’ydi. XAMAS Isroilni aholiga qarshi zo’ravonliklarda ayblarkan, Isroil XAMAS raketalariga javob berayotganini bildiradi.

“Isroil aholi punktlarini qurib, falastinliklarni uylaridan haydab, noto’g’ri ish qildi, bo’lajak Falastin davlatini ataylab yemirishga harakat qildi. Bunday siyosat Netanyaxu va uning siyosiy koalitsiyasiga hokimiyatda qolishga yordam bergandir balki, ammo falastinliklar va ularning kelajagiga umidsizlik ruhini bag’ishlamoqda. Falastin rahbariyati ham hokimiyatda qolish uchun Isroilga qarshi antisemit siyosatini davom ettirgani to’g’ri ish bo’lmadi”, - deydi demokrat senator Kris Myorfi.

Senator Berni Sanders va Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes kabi progressiv demokratlar Isroil havo hujumlaridan tinch fuqarolarning nobud bo’lishi ketidan AQShning Isroilga yordamini qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda, qolganlari esa sulhga da’vat etyapti.

“Davlat kotibi Blinken ham, prezidentning o’zi ham mojaroga barham berish uchun diplomatiyani qattiq ishga solyapti, sahna ortida harakat qilishyapti, Isroil, Misr va mintaqadagi boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan bevosita muloqot qilishyapti”, - deydi senator Bob Menendes.

10-maydan beri davom etayotgan mojaroda 230 falastinlik, jumladan 65 bola va 39 ayol nobud bo’lgan, 1700 dan ziyodi yaralangan.

Respublikachi qonunchilar ushbu ixtilofda XAMASning aybi kattaroq, deydi.

“Ko’p demokratlar aybni Isroilga to’nkab, tomonlar mas’uliyatini teng ko’rsatishga intilmoqda. Ma’naviy tenglik yo’q bu yerda. Bir tomonda falastinliklarning o’zidan foydalanayotgan va hayotini xavf ostiga qo’yayotgan terrorchi tashkilot, ikkinchi tomonda esa o’z mamlakatini himoya qilish maqsadida belgilangan nishonlarni urayotgan Isroil”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.

Uning partiyadoshlari Bayden ma’muriyatining Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimga qayta qo’shilganini tanqid qilarkan, Isroilni himoya qilishga chaqirmoqda.

“Bayden ma’muriyati Isroil davlatini tanqid qilish va unga hujum qilish o’rniga uning “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimini o’q-dori bilan ta’minlaymiz deb ochiq aytishi kerak. Tizim terrorchilarning raketa hujumlarini qaytarib, minglab odamlar hayotini saqlab qoldi”, - deydi senator Ted Kruz.

Progressiv demokratlar Isroilga 735 million dollarlik qurol savdosini to’xtatib qo’yishga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG