Isroil va XAMAS harakati Misr vositachiligida sulhga kelishib oldi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, kelishuv bir necha kunlik zo’ravonliklarga barham beradi.
Biroq uning atrofidagi ba’zi siyosatchilar va fuqarolarning bir qismi bu qarorni qoralab, aksincha XAMASga qarshi qattiqroq chora ko’rishga chaqirmoqda.
Bosh vazir qaroridan norozi Mudofaa vaziri Avigdor Liberman iste’fo berib, partiyasi parlamentda Netanyaxu boshchiligidagi hukmron koalitsiyadan chiqishini ma’lum qildi. Libermanning "Isroil - bizning uyimiz" partiyasidan 120 a'zolik Knessetda besh deputat bor.
Isroilda erta saylovlarga chaqirayotgan Liberman sulhni “terrorga taslim bo’lish” deb atadi. XAMAS uning lavozimidan ketishini nishonlamoqda. Liberman arablarga nisbatan adovatli munosabati va chaqiriqlari bilan yaxshi tanish.
Isroil XAMAS va “Islomiy jihod” harakatlarini hujumlarda ayblab, G’azo Sektorini havodan nishonga olgan. Isroilda kamida ikki, G’azoda esa 15 kishining o’lgani ma’lum.
Facebook Forum