Breaking News

Isroil hukumati sud tizimi islohotlaridan voz kechadimi?


Tel-Avivdagi namoyishlardan biri, 25-iyul, 2023-yil
Tel-Avivdagi namoyishlardan biri, 25-iyul, 2023-yil

Isroil parlamenti Oliy sud vakolatini cheklovchi qonunni qabul qilishi ketidan mamlakatda norozilik namoyishlari kuchaymoqda. O’n minglab odam yo’llarni to’sib, namoyish qilishda davom etishini bildirmoqda.

Xalqaro hayot - 26-iyul, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, qonun tanqidchilari asossiz qizishmoqda.

“Isroil kuchli demokratiya bo’lib qolishi kerak. Unda barcha fuqarolar erkinliklari saqlanib qoladi. Sud tizimi mustaqil bo’lishda davom etadi va hech kim uni nazorat qila olmaydi”, - dedi davlat rahbari.

Biroq namoyishchilar nazarida, Netanyaxu va uning diniy va millatchi hukumati Oliy sudni mustaqilligidan ayirishga, uning vakolatlarini o’z qo’liga olishga harakat qilmoqda.

Quddus va Tel-Aviv kabi yirik shaharlarda namoyishchilar politsiya bilan to’qnashmoqda, bir necha odam hibsga olingan, jarohat olganlar bor.

Isroilda oldin ham yirik namoyishlar kuzatilgan bo’lsa-da, tahlilchilar hozirgiday olti oydan uzoq vaqt davom etayotgan harakat bo’lmaganini ta’kidlaydi.

“Hozirgi namoyishlar oldingilaridan farq qiladi. Chunki mamlakat taqdiri o’rtaga tikilgan. Namoyishchilar amaldagi hukumat nafaqat Isroil siyosati va siyosiy maqsadlarini, balki mamlakatni boshqarish usullarini ham o’zgartirishga harakat qilayapti degan fikrda”, - deydi “Times of Israel” gazetasining bosh muharriri Deyvid Xorovits.

Sud tizimini o’zgartirish harakatlariga qarshi ommaviy namoyishlar yetti oydan beri davom etmoqda. O’tgan hafta o’n minglab odam Tel-Avivdan Quddusdagi parlamentgacha yurish qildi.

“Demokratiyamizni saqlab qolish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilishimiz kerak va shunday qilyapmiz ham. Hukumat butun mamlakat bo’ylab namoyish qilayotgan odamlar fikrini inobatga olmasa, alam qiladi”, - deydi Nurit Binyamini ismli namoyishchi.

Sud tizimi islohotlaridan armiya zaxirachilari ham norozi. Ularning o’n mingdan ziyodi, jumladan maxsus qismlardagi yuzlab askar ko’ngilli xizmatga qatnashdan bosh tortishi haqida do’q-po’pisa qilgan.

Ular nodemokratik tuzumga xizmat qilmasligini aytadi. Harbiy rahbarlarning ogohlantirishicha, zaxirachilarning xizmatdan bo’yin tovlashi Isroilning kelajak mojarolarda jang qilish qobiliyatiga zarar yetkazadi.

“Yoshim bir joyga borib qoldi, ortiq xizmat qila olmayman. Ikki o’g’lim bor. Ular faol zaxirachilar, ammo bundan keyin xizmat qilmasligi haqida rasman bildirib o’tishdi. Harbiy xizmatga qatnayotgan do’stlarim ham. Biz o’zimizni liberal-demokratlar deb bilamiz va hech birimiz diktaturaga qarashli qurolli kuchlar safida bo’lishni istamaymiz”, - deydi Jonatan Golan ismli bir odam.

Sud tizimi islohoti tarafdorlarining aytishicha, parlament shu hafta qabul qilgan qonun islohotlar paketini amalga oshirishda birinchi qadam bo’ldi. Tanqidchilar esa Oliy suddan qonunni bekor qilishni so’ramoqda va shunday bo’lmaguncha namoyishlar davom etishini aytishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG