Breaking News

Libermanning iste'fosi saylovlar bilan bog'liqmi?


Sulhga qarshi isroilliklar
Sulhga qarshi isroilliklar

Isroil hukumati Falastinning XAMAS harakati bilan sulhga kelishishi ketidan bu mamlakat Mudofaa vaziri Avigdor Liberman kecha 15-noyabr kuni iste’foga chiqdi. Liberman partiyasining Isroil parlamentidagi besh a’zosi hukmron koalitsiyadan chiqishga qaror qildi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu muddatidan erta saylovlar e’lon qilishi mumkin.

Isroil va XAMAS o’rtasida ikki kun davom etgan raketa hujumlaridan so’ng tomonlar sulhga kelishib oldi. Turk matbuotining bildirishicha, Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaa sistemasi pand berdi – XAMAS otgan raketalarning oz qismigina urib tushirilgan. Bundan tashvishga tushgan Isroil sulh qilishga majbur bo’ldi, deyiladi Turkiyada chiqadigan “Yeni Shafak” gazetasida. Biroq isroillik tahlilchilar buni o’zgacha izohlamoqda.

“Nazarimda, Isroilda yaqinlashayotgan saylovlar bois Netanyaxu kattaroq urushdan o’zini tiydi, chunki mojaroning saylov natijalariga qanday ta’sir qilishi noma’lum. Isroilning aksariyat aholisi bu mojaroga yechim yo’q deb o’ylaydi”, - deydi Tel-Aviv universitetidan Uzi Rabi.

Liberman XAMAS bilan sulhni terrorga taslim bo’lish deb atadi.

“G’azo Sektorida XAMAS odamlariga 15 million dollar naqd pul uzatishga va Isroil janubiga 500 ga yaqin raketa otilganidan so’ng XAMAS bilan sulh qilishga aql bovar qilmaydi. Siyosatda bir taraf doim g’alaba qila olmasligini yaxshi tushunaman, ammo qay pallada murosa qilish mumkinu, qay pallada murosa qilmaslikni bildiruvchi aniq bir chegara bo’lishi kerak”, - deydi sobiq mudofaa vaziri.

G’azolik falastinliklar Libermanning iste’fosini olqishlamoqda. Falastin tashqi ishlar vaziri bundan ajablanmasligini aytadi.

“Liberman Netanyaxu siyosatini tanqid qilish orqali yuqoriga ko’tarilishni istadi va kelasi saylovlarda mudofaa vaziridan kattaroq lavozimga erishishga umid qilmoqda. Isroilda saylovoldi davr odatda Falastin xalqiga qimmatga tushishini yillar davomida kuzatib kelyapmiz”, - deydi Riyod Malikiy.

Liberman kelasi yil 5-noyabrigacha o’tkazilishi kerak bo’lgan saylovlarni erta uyushtirishga chaqirmoqda. Netanyaxu parlamentdagi hukmron koalitsiyaga kirgan hamkor partiyalar rahbarlari bilan mavzuni muhokama qilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG