Netanyaxu: AQSh tashqi siyosatidagi o'zgarishlarni olqishlaymiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis (chapda) Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan, Quddus, Isroil, 21-aprel, 2017-yil.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Quddusda AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattisni qabul qilib, AQSh tashqi siyosatidagi o'zgarishlarni olqishladi.

Mattis Prezident Donald Tramp ma'muriyatidan Isroilga tashrif buyurgan ilk vazirdir.

"Olqishlanarli o'zgarish, Amerika yetakchiligi va siyosatidagi strategik o'zgarish bu", - dedi Netanyaxu.

AQSh mudofaa vaziri dastlab Tel-Avivda Isroil Mudofaa vaziri Avigdor Liberman bilan uchrashib, so'ng Isroil Bosh vaziri Netanyaxu va Prezident Reuven Rivlin bilan muloqot qildi. Liberman Mattisning Shimoliy Koreya, Suriya va Eronga nisbatan tutgan qat'iy pozitsiyasini olqishadi.

Mattis islomiy jangarilar AQSh va Isroil uchun umumiy dushman ekanini aytib, tinchlik o'rnatish uchun barcha choralarni ishga solishini bildirdi.

"O'zimizga eslatib turishimiz muhim, agar yaxshi odamlar birga ishlamasa, yomon odamlar bu dunyoga ko'p zarar yetkazishi mumkin. Biz shuni to'xtatishga ahd qilganmiz va kelajak avlodga tinchlik hamda ozodlikni yetkazish uchun hamma narsani qilamiz", - dedi AQSh Mudofaa vaziri.

Isroil yetakchilari Suriyadagi harbiy bazaning AQSh raketalari tomonidan hujumga olinganini qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi. Suriyada tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llanishi ortidan Tramp Assad hukumatiga qarashli aerodromni nishonga olgan edi.

Mattisning navbatdagi to'xtash joyi - Qatar. Bu yerda Suriya va Iroq masalasi asosiy muhokama mavzusi bo'lishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG