Isroilda 12 yilda ilk bor bosh vazir o’zgardi. Benyamin Netanyaxu hokimiyatdan chetlatildi. Parlament yangi hukumat tarkibini tasdiqlashi ketidan kichik diniy va ultra millatchi partiya rahbari Naftali Bennet keyingi ikki yil davomida yahudiy davlatini boshqaradi.
Bennet turli siyosiy qarashlarga ega sakkizta partiya qo’shilgan koalitsion hukumatdagi sherigi Yair Lapid bilan davlatni galma-gal boshqarishga kelishgan.
“Oldimizda ko’p qiyinchiliklar turibdi, yangi davr boshlanyapti. Birlik hukumatini tuzishdek qiyin vazifadan o’tib oldik. Endi esa Isroil xalqi diqqatini bizga qaratmoqda va biz bu ishga loyiq ekanimizni isbotlashimiz kerak. Mamlakatdagi bo’linishlarni tuzatish hamda ko’p yillik falaj va janjalga yuz tutgan davlatni to’g’ri yo’lga solish uchun mas’uliyat bilan hamkorlikda ish olib boramiz”, - dedi yangi bosh vazir.
49 yashar Bennet ikki yil oldin Netanyaxu hukumatida mudofaa vaziri bo’lgan. Ikki yildan so’ng bosh vazirlik kursisini hukumatdagi hamkori, 57 yashar Yair Lapid egallaydi.
“Bu hukumat do’stlik va ishonch asosida tuzildi. Bir-birimizga ishonishni, dastaklashni, birga ishlashni o’rganamiz”, - dedi yangi hukumatda tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan arbob.
Netanyaxu sakkiz partiyalik ittifoqni parchalashga muvaffaq bo’la olmadi. Ayni paytda u korrupsiya bilan bog’liq ayblovlarga yuz tutmoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroilning yangi rahbarini tabriklab, u bilan bir oz muloqot qildi.