Liviyani barqarorlashtirishda Italiya Rossiya yordamiga tayanmoqda

  • Amerika Ovozi

General Xalifa Haftar

Italiya Liviyadagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda noqonuniy migrantlarning Italiyaga oqimini to’xtatish maqsadida Rossiyaga hamkorlikni taklif qilgan. Kreml Liviyada hokimiyat uchun kurashayotgan general Xalifa Haftar hukumatini qo’llab-quvvatlamoqda, BMT esa poytaxt Tripolidagi islomiy hukumatni.

Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim mamlakatlar Rossiya Liviyada ham ta’sirini oshirishi mumkinligidan xavotir olib, Italiya tashabbusini olqishlamayapti.

2017-yilning ikkinchi oyi hali tugamasidan salkam 9500 migrant O’rta dengiz orqali Yevropaga yo’l oldi. Yevropa Ittifoqi Liviya hukumatidan muhojirlarni ortga qaytarishni so’ramoqda. Bu mamlakat xavfsizlik kuchlari va sohil qo’riqchilari tayyorgarligini oshirish uchun ittifoq shu maqsadda 213 million dollar ajratishga rozi bo’ldi.

Biroq Italiya Liviyadagi inqirozni batamom hal qilaylik deb, Moskvadan yordam so’ramoqda.

“Yevrosiyo guruhi” tashkilotining Liviya bo’yicha eksperti Rikkardo Fabianining aytishicha, Rossiyani muzokara jarayoniga taklif qilib, u bilan strategik muloqot olib borish lozim, aks holda bir kun kelib, Rossiya Yevropa aralashuvisiz mintaqada asosiy kuchga aylanishi mumkin.

Rossiya yordamiga umid qilayotgan general Xalifa Haftar sharqdagi Tobruk shahrida joylashgan. BMTning Liviya bo’yicha maxsus vakili Martin Kobler Tripoli va Tobrukdagi ikki hukumat murosa qilishiga ishonadi.

“Dadil harakat qilsak, muhim siyosiy yechimga erishishimiz, Liviyani tinchlik, farovonlik va barqarorlik yo’liga qaytarishimiz mumkin”, - deydi u.

Italiya Rossiyaga Liviyada raqib tomonlarni birlashtirishni taklif qilmoqda, Britaniya qarshi emas.

“Mamlakat sharqi va g’arbidagi kuchlarni samimiy hamkorlikka chaqirish kerak. Haftarni Liviya hukumatiga qo’shilishga undash juda muhimdir", - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson.

Ammo Yevropa Ittifoqidagi ayrim davlatlar Moskvaning bu jarayonda ishtirok etishiga qarshi. Yevropa Kengashiga vaqtincha prezidentlik qilayotgan Maltaga ko’ra, Rossiya Liviyada harbiy baza o’rnatmoqchi.

"Aslida hech kim Rossiyaning Liviyaga doir rejalarini bilmaydi. Tashqi siyosatda Kreml mavjud imkoniyatlardan foydalanmoqda. Ayniqsa Yaqin Sharqda. Ular AQShdan keyin qolgan har bir bo’shliqni to’ldirishga intilmoqda", - deydi tahlilchi Fabiani.

Unga ko’ra, Yevropa va Rossiya Donald Trampning Liviyaga doir siyosati qanday bo’lishini ko’rmoqchi.

“Nazarimda, Qo’shma Shtatlar shu tobda Liviya bilan shug’ullanmaydi va Rossiyaga u bilan shug’ullanish uchun yashil chiroqni yoqib qo’yadi. Biroq jihodchilarga qarshi kurashish uchun Vashington Liviya eshigining ochiq turishini istaydi", - deydi ekspert.

Italiya Tashqi ishlar vaziri Anjeleno Alfano shu hafta Germaniyada rossiyalik hamkasbi bilan uchrashib, Liviya mavzusini ko’tarmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG