Breaking News

Tramp qizini prezidentlikka tayyorlayaptimi?


Ivanka Tramp

AQSh Prezidenti Donald Trampning qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp davlat rahbarining Osiyoga tashrifidan so’ng ba’zilar tanqidiga uchradi.

Tanqidchilar uni hozirgi lavozimiga loyiq emas deb, Oq uy ma’muriyatini tanish-bilishchilikni mamlakat manfaatlaridan ustun qo’yayotganlikda ayblamoqda. Tramp qizini kelajakda prezidentlikka tayyorlayapti, degan gaplar ham bor.

Ivanka Trampning jahon rahbarlari bilan salom-alik qilayotganini, Janubiy va Shimoliy Koreya o’rtasidagi demilitarizatsiya hududiga o’tganini, iyun oyida prezidentning Osiyoga safari chog’ida davlat kotibi bilan yurib ketayotganini ko’rish mumkin, xullas, har yerda.

Ba’zilar Trampni prezidentlikka oilaviy biznes sifatida yondashayotganlikda ayblaydi. 2017-yilda uning qizi Ivanka va kuyovi Jared Kushner Oq uyga maslahatchi etib tayinlanishgan.

1967-yilda Prezident Jon Kennedi ukasi Robert Kennedini adliya vaziri lavozimiga tayinlamoqchi bo’lganida Kongress davlat ishida urug’-aymoqchilikni nazorat etuvchi qonun qabul qiladi.

Adliya vazirligining 2017-yilda xulosa qilishicha, Tramp oila a’zolarining Oq uyga ishga olinishi 1967-yilgi qonunga zid emas, chunki prezident ishga yollash uchun maxsus vakolatga ega.

“Ivanka va Jared astoydil ishlashadi. Ish uchun ko’p narsadan voz kechishdi”, - deydi Tramp.

Ivanka Tramp Oq uydagi lavozimi uchun maosh olmasa-da, tanqidlar to’xtagani yo’q.

“Ivankaga prezidentning qizi bo’lgani uchun hujum qilishadi, biroq u pinagini buzmaydi. Ivanka AQSh manfaatlarini himoya qilyaptimi yoki oilasining biznes manfaatlari, Tramp korportsiyasi va shaxsiy manfaatlarinimi” – deya so’raydi Texas universitetidan ekspert Shennon Bou Obrayen.

Ivanka Tramp “Ayollar global taraqqiyoti va farovonligi tashabbusi” deb nomlangan loyihani boshqaradi.

“Ayollarga kuch-g’ayrat bag’ishlasangiz, ular o’z oilalari, jamoalarini ko’taradi, mamlakatlariga farovonlik keltiradi, imkoniyatlar yaratadi”, - degan edi Ivanka Afrikaga safari paytida.

Uning bu mavzularda prezidentga so’zini o’tkaza olishiga ba’zilar ijobiy qaraydi.

“Buni tushunsa bo’ladi. “Ivanka” degan loyihaning borligi rost bo’lsa, katta qudratga ega bo’lishi shubhasiz. Ivanka jiddiy yo’nalishga o’zini uradi degan umiddaman”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Judd Devermont.

So’nggi paytlarda Ivanka ichki siyosatda faol, ish o’rinlari yaratish, inson savdosiga qarshi kurash kabi masalalar bilan shug’ullanmoqda. Ba’zilar buning ortidagi omillarni tushunishga harakat qilmoqda.

“Ivanka kelajakda siyosiy rahbarlikka da’vo qilishiga ishorami bu” degan savol ko’pchilikni qiynaydi. Tramp uni shunga tayyorlayotganini payqasa bo’ladi”, - deydi vashingtonlik yana bir mutaxassis, Amerika tadbirkorlik institutidan Zak Kuper.

Tramp sobiq raqibi Xillari Klintonni siyosiy sulola yaratayotganlikda ayblagan edi. Kadrlar malakali bo’lsa, ba’zi amerikaliklar hukumat tepasida bir oila a’zolarining bo’lishiga qarshi emas.

“Yolg’iz familiyasiga tayanib, bilim-tajribasi bo’lmasa, Amerika bunday sulolani qabul qilmaydi”, - deydi Obrayen.

Prezident Trampdan qizining kelajagi haqida so’ralganda u “Ivankani prezidentlikka tayyorlayotganim yo’q”, deb javob berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG