Breaking News

Yaponiyada xavfsizlik bo'yicha yangi qonun kuchga kirdi


Okinava orolidagi Yaponiya Mudofaa kuchlari askarlari "Patriot" raketa tizimi oldida, 7-fevral, 2016-yil.
Okinava orolidagi Yaponiya Mudofaa kuchlari askarlari "Patriot" raketa tizimi oldida, 7-fevral, 2016-yil.

Yaponiyaning xavfsizlik bo'yicha yangi qonuni kuchga kirdi. Unga ko'ra, mamlakat bundan buyon xorijda harbiy amaliyotlarni amalga oshirishi va xalqaro tinchlikparvar kuchlar safida ishtirok etishi mumkin.

Bunday o'zgarishlar Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor kuzatilmoqda. Urushdan so'ng qabul qilingan konstitutsiya xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishni taqiqlab qo'ygan edi.

Shuningdek, 9-modda xalqaro munozaralarni hal qilishda kuch ishlatishga ruxsat bermas edi. Bu yangilik qo'shni Xitoy va Shimoliy Koreya davlatlari bilan kelishmovchiliklar kuchayib borayotgan bir paytda ro'y berdi.

AQSh bu o'zgarishlarni olqishladi. Ammo Yaponiyaning o'zida jamoatchilik fikri bo'lingan. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovga ko'ra, aholining 50 foizga yaqini yangi qonunga qarshi, faqat 39 foizi uni yoqlagan.

Yaponiya Mudofaa vaziri Gen Nakatani qonunga izoh berib, hozir xavfsizlik bo'yicha vaziyat o'zgarganini, ayniqsa, terrorizm tahdidi oshganini ta'kidladi. Xorijda ro'y berayotgan hodisalar Yaponiyaning milliy xavfsizligiga ta'sir ko'rsatmoqda va hozirgi paytda bir davlatning yolg'iz o'zi tinchlikni saqlay olishi juda qiyin, dedi u.

Tokiodagi Templ va Vakeda universitetlari professori Maykl Kusekning aytishicha, qonun AQSh bilan harbiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

"Bu o'zgrishlarni amalga oshirishga ikki yildan beri urinib kelgan Bosh vazir Shinzo Abe hukumati xavfsizlik bo'yicha yangi qonun urushdan keyingi Yaponiya konstitutsiyasini o'zgartirmasligini aytmoqda. Unga ko'ra, qonun AQSh bilan shu paytgacha mavjud bo'lgan bir tomonlama aloqani tugatadi. Shu paytgacha AQSh ham o'zining, ham Yaponiyaning mudofaasi uchun mas'ul bo'lgan bo'lsa, bundan buyon, agar AQSh biror hujumga uchrasa, Yaponiya ham uning mudofaasiga yordam beradi", - deydi professor Kusek.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG