5-aprel kuni Londondagi Avliyo Tomas kasalxonasiga yotgan Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning sog’lig’i yomonlashib, u reanimatsiya bo’limiga ko’chirildi. 12 kun oldin koronavirusga chalingan va kislorod terapiyasi bilan davolangan Jonsonning ahvoli yaxshilanavermagach, shifokori unga kasalxonaga yotishni tavsiya qildi.
Jonson bir necha bor selfi-video chiqarib, tuzalishiga umid qildi.
“Bu kasallikni yengishimga aminman. Hammamiz uyda qolib, uni birgalikda yengamiz”, - degan edi Jonson.
Shifokorlar bosh vazirning isitmasi tushmayotganini aytadi.
“Ba’zi hollarda 70 yoshga yetmagan bo’lsa ham, ko’rinishidan baquvvat va sog’lom bo’lsa ham kasallik bilan bazo’r olishayotgan odamlar bor. Buning sababini tushunganimizcha yo’q hali”, - deydi Reding universiteti mikrobiologi Simon Klark.
Jonsonning homilador dugonasi Kerri Saymondsda ham COVID-19 alomatlari borligi xabar qilinmoqda. O’zini boshqalardan izolyatsiya qilgan Jonson vazirlar bilan video aloqa orqali muloqotda edi.
AQSh prezidenti va boshqa mamlakatlar rahbarlari unga sog’lik tilamoqda.
“Barcha amerikaliklar uning sog’lig’i uchun duo qilmoqda. U mening do’stim, ajoyib jentlmen va buyuk rahbar”, - dedi Donald Tramp.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Britaniya koronavirusdan Italiya va Ispaniya kabi qattiq zarar ko’rishi mumkin. Bu mamlakat qonunlarida bosh vazirning vorisi kim bo’lishi haqida hech narsa deyilmagan, ammo 55 yashar Jonson o’z vazifalarini bajarishni Tashqi ishlar vaziri Dominik Raabga yuklagan.
Ayni paytda Jonson kislorodoterapiya usuli bilan davolanyapti. U o’pkani ventilyatsiya qilish apparatiga ulanmagani aytiladi.
Facebook Forum