Breaking News

Britaniya vaziri roxinjalik qochqinlar taqdiridan xavotirda


Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti roxinjalik qochqinlarning Myanmaga qaytishini o’z nazoratiga olishi kerak, chunki aksariyati uylariga mustaqil ravishda qaytishdan qo’rqmoqda.

“Bangladeshdagi qochqinlar lagerlarida va Myanmadagi qishloqlarda hukm surayotgan qo’rquv, vahimani ko’rib turibmiz”, - deydi Jonson.

Britaniya vaziri yakshanba kuni Myanmada bo’lib, mamlakat norasmiy rahbari Au San Su Chi bilan uchrashdi. Uning aytishicha, rahbar uylaridan qochishga majbur bo’lgan roxinjaliklar ahvolining jiddiyligidan yetarlicha xabardor emas.

“Unga to’liq ma’lumot yetkazishmagan. Odamlarning qanday dahshatlarni boshidan kechirgani haqida, vayronagarchiliklar haqida. Insonning insonga nisbatan bunday muomalasini ilgari ko’rmaganman. Yuzlab qishloqlarga o’t qo’yilgan. Rahbar degan odam aqlni joyiga qo’yib, BMT agentliklari bilan hamkorlikda bu insonlarni uylariga qaytarishi kerak”, - dedi Jonson.

Myanmada harbiylar g’arbdagi Rakxayn shtatida yashovchi yuz minglab musulmonlarga hujum qilib, ularning qo’shni Bangladeshga qochishiga sabab bo’ldi. Jonson avval qochqinlar lagerlarini, so’ng kulga aylangan qishloqlarni ko’zdan kechirdi.

Qo’shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti roxinjaliklarga qarshi harakatlarni etnik tozalash deb e’tirof etdi.

1991-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan Au San Su Chi yillar davomida harbiy hukumatga qarshi kurashib, 2016-yilda hokimiyatga keldi. Demokratiya va inson huquqlari uchun kurashgan arbob roxinjaliklarga yetarlicha yordam bermayotganlikda ayblanib, so’nggi paytlarda dunyo bo’ylab obro’sini yo’qotmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG