Noyabr oyida Belarusda Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi ommaviy namoyishlarni jonli yoritgan ikki jurnalist ikki yilga qamaldi. 27 yashar Katerina Andreyeva va 23 yashar Darya Chulsova Polshaning Belarusda akkreditatsiyadan o’tmagan “Belsat” telekanalida ishlagan.
Ular poytaxt Minskda o’ldirilgan bir namoyishchining o’limiga norozilik bildirib ko’chaga chiqqan odamlarning militsiya tomonidan tarqatilayotganini o’z kvartirasidan turib yoritayotganida hibsga olingan edi.
Inson huquqlari tashkilotlari muxbir ayollarning ushlanganini qoralagan.
Minskda bo’lib o’tgan sud jarayonida ular namoyishlarni jonli yoritish orqali odamlarni tadbirga qo’shilishga sababchi bo’lganlikda, ijtimoiy tartibni buzganlikda ayblandi.
Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ularga qarshi qo’yilgan barcha ayblovlar asossiz ekanini bildirib bayonot chiqardi.
Lukashenkoga qarshi namoyishlarda jami 33 mingdan ziyod odam, jumladan 400 dan ortiq jurnalist hibsga olingan, kamida 10 nafari jinoiy ishda ayblanmoqda. Muxolifatga ko’ra, avgust oyidagi saylovda ovozlar soxtalashtirilgan.
Facebook Forum