Breaking News

Mustaqillik kuni tantanalarida Vashington ko'chalaridan tanklar o'tadi


"Abrams" tanki Vashington ko'chalaridan o'tishi kutilmoqda
"Abrams" tanki Vashington ko'chalaridan o'tishi kutilmoqda

4-iyul - AQShda Mustaqillik kuni. Bu galgi bayram tantanalari poytaxt Vashingtonda o’zgacha bo’lishi kutilmoqda. Prezident Donald Tramp Linkoln yodgorligi zinalarida nutq so’zlamoqchi, kichik harbiy parad o’tkazilishi ham rejalanmoqda.

Ba’zilar yangilikni olqishlasa, boshqalar nazarida, Tramp 2020-yil saylovidan oldin milliy bayramga siyosiy tus bermoqda.

Amerikaning 4-iyulda nishonlanadigan Mustaqillik kunida odatda tanklar va harbiy samolyotlarni ko’rmaysiz, davlat rahbari ma’ruza qilmaydi. Biroq Tramp bu yilgi bayramni o’zgacha o’tkazishga qaror qildi.

“U prezident sifatida xalqqa bayram kuni murojaat qilishga haqli. Qarshiligim yo’q”, - deydi Vashingtonni aylanayotgan kanzaslik sayyoh Jon Vigl.

2017-yilda Parijga tashrif buyurgan Tramp Bastiliya kuniga bag’ishlangan tantanalar va harbiy paradni ko’rib, lol qolgan edi. U Vashingtonda ham shunday parad uyushtirishni ko’ngliga tugib qo’yganini aytgan.

Tramp bilan Yaponiyada Katta Yigirmalik sammitida uchrashgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kelasi yilgi G’alaba paradini tomosha qilish uchun uni Moskvaga taklif qildi. Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Tramp bu taklifga qiziqish bildirganini aytdi.

“AQSh prezidentini kelasi yili 9-mayda Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaning 75 yillik tantanalariga taklif qildik. U taklifni ijobiy qabul qildi”, - deydi Rossiyaning AQShdagi sobiq elchisi.

Biroq ba’zi amerikaliklar 4-iyul bayramidagi harbiy tadbirlar uchun xarajatlar soliq to’lovchilar hisobiga bo’lishini aytib, Tramp rejasini tanqid qilmoqda.

Shahar mehmonlari bu kun odatda oqshom soat 9 da boshlanadigan salyutlarni tomosha qilish uchun keladi. Ammo bu yili ularga qo’shimcha tomosha ham taklif etilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG