Afg’oniston poytaxti Kobulda jangarilar tug’ruqxonaga hujum qilib, kamida 14 odam, jumladan onalar va yangi tug’ilgan chaqaloqlarni o’ldirishi ketidan Tolibon bilan tinchlik bitimiga kelishish rejasi puchga chiqdi. Prezident Ashraf G’ani qurolli kuchlarga Tolibonga qarshi hujum boshlashni buyurdi.
“Bu palatada sakkiz nafar ayolning jasadini ko’rdim. Boshqa bir palatada yotog’ida yotgan yana yetti jasadga ko’zim tushdi”, - deydi rasmiylardan biri.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hujumni keskin qoraladi. Shu kuni sharqdagi Nangarhor viloyatida bir politsiyachining dafn marosimi paytida ham xuruj sodir etilib, kamida 56 odam o’lgan.
AQSh va Tolibon fevral oyida imzolagan tinchlik bitimiga ko’ra jangarilar afg’on hukumati bilan muzokara boshlashi kerak edi, biroq endi bu reja hali beri amalga oshmaydigan ko’rinadi.
“Tolibon bergan so’zining ustidan chiqmadi. Aksincha, afg’on xavfsizlik kuchlari va xalqiga qarshi hujumlarini oshirdi. Tolibon urushga barham berish uchun majburiyatini bajarishiga biror nishona ko’rganimiz yo’q”, - deydi Afg’oniston prezidenti matbuot kotibi Sidiq Sidiqqiy.
Tolibon harakati tug’ruqxonaga hujumni o’z bo’yniga olishdan bosh tortyapti. Lekin busiz ham jangarilar so’nggi paytlarda hujumlarga zo’r bergan.
“Tolibonning hozirgi harakatlari hukumat bilan muzokara boshlash niyatini namoyish etmayapti”, - deydi tahlilchi Nishank Motvani.
Facebook Forum