Breaking News

Rossiya Tolibonga harbiy vositalar uzatayaptimi?


Hirot viloyatidagi toliblar
Hirot viloyatidagi toliblar

Afg'oniston Mudofaa vazirligi toliblar tunda ko'radigan vositalarini Rossiyadan olgan bo'lishi mumkin degan taxmin ustidan tekshiruv boshlagan. Jangarilar Kreml ularni quvvatlayotganini ochiq aytib keladi. Kobuldagi markaziy hukumat Rossiyani bunday qilmaslikka chaqirib, norozilik bildirgan.

“Toliblar qo'lida ilg'or texnologiya borligini bilamiz, ko'p emas, lekin bor", - deydi general Davlat Vaziriy. "Faroh va Hilmand viloyatlarida ularni ko'rganmiz", - deydi rasmiy.

AQSh harbiylari ham jangarilar bunday vositalarga ega ekanini tasdiqlab, ular Rossiyadan kelgan deya xavotir bildirgan. Kreml bu borada izoh bermagan.

AQSh kuchlari, Hilmand viloyati, 2014
AQSh kuchlari, Hilmand viloyati, 2014

​Afg'oniston mudofaa kuchlarini Amerika yaqindan quvvatlab keladi, qurol-aslaha va texnik jihozlar bilan ta'minlaydi. Tolibon va "Islomiy davlat" bilan olishayotgan armiya hamon treningdan o'tmoqda.

Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi toliblarga yordam berilmayapti, deya qayd etgan. Moliyaviy va harbiy ko'mak haqida gap bo'lishi mumkin emas, deydi rus diplomatlari. Lekin orada aloqa borligi rad etilmaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashiga uzatilgan shikoyatnomada Afg'oniston hukumati Kremlni terrorga qarshi urushda salbiy rol o'ynayotganlikda ayblab, uning dushmanlarini qurollantirayotganlikda qoralaydi.

Qarshilik kuchli bo'lmasa, Rossiya toliblarga ko'proq va hozirgidan ham qudratliroq vositalar uzata boshlashi mumkin degan xavotir bor.

General Atiqulla Amirhail deydiki, uning xalqi tinchligiga raxna solayotgan tomonlardan biri aslida Rossiyadir.

Mudofaa vazirligi tekshiruvni davom ettirar ekan, hozircha aniq xulosaga kelmagan. Masalaga shoshmay yondashmoqchi.

Rossiya Tolibon bilan aloqadan maqsad tinchlik yo'lida hissa qo'shish va harakatni afg'on hukumati bilan murosa qilishga undash, deya o'z siyosatini himoya qilib keladi.

AQSh qo'mondon va rasmiylari, Kobul, 2017
AQSh qo'mondon va rasmiylari, Kobul, 2017

​NATO qo'shinlari qo'mondoni, AQSh generali Jon Nikolson deydiki, Tolibon Rossiyadan yordam olayotganiga shubha yo'q.

“Afg'oniston shimolida hukumatga qarshi jang qilayotgan toliblar rus vositalarini ishlatmoqda va ularning Rossiyadan yangi uzatilganini bilamiz", - deydi general. "Jangarilar bu vositalarsiz hozirgidek olisha olmas edi",- deydi u.

Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Rossiyani tilga olmagan holda Afg'onistonda terrorchilarni qo'llayotgan tomonlardan bu yo'ldan qaytishni talab qilib, xalqaro qonunlarni eslatmoqda.

Toliblar vakili Zabihulla Mujohidga ko'ra esa ular ishlatayotgan qurollar aslida afg'on qurolli kuchlaridan tortib olingan.

Mahalliy ekspert Vohid Mujdaning aytishicha, toliblar qo'lidagi ko'plab vositalar NATOdan o'girlangan. Afg'on hukumati nazarida toliblarning bayonotlari safsata.

Noqonuniy qurol bozori Afg'oniston-Pokiston chegarasida azaldan mavjud bo'lib, u yerda Xitoyda ishlab chiqarilgan soxta brendlar sotilishi ma'lum.

Kobulning o'zida ham Bush bozor degan joy bor. Amerikaning sobiq prezidenti nomiga qo'yilgan bu yerda Amerika qurolli kuchlaridan o'marilgan vositalar pullanadi. Bozorda, shuningdek, boshqa import mahsulotlarni ham topasiz.

“Yaqingacha u yerda tunda ishlatiladigan strategik asboblar 500-600 dollarga sotilar edi", - deydi Mujda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG