Breaking News

Kashmir mojarosi turizmga ta'sir qilmoqda


Arxiv surat. Kashmirning Gulmarg tog' kurorti, 2008-yil fevrali.

Hindiston hukumati avgust oyida Jammu va Kashmir shtatini maxsus maqomdan ayirganida turizm mavsumi avjida edi. Biroq shundan so’ng sayyohlarga shtatni tark etish tavsiya qilindi. Qishki turistik mavsum yaqinlashar ekan, hukumat tavsiyasi bekor qilindi. “Amerika Ovozi” muxbiri yaqinda shtat poytaxti Shrinagarda bo’lib, turizm sohasi ko’rilgan zararni qanday qoplayotganini o’rgandi.

Shu kunlarda Shrinagarda do’konlar yopiq, ko’chalarda sukunat hukm surmoqda, har joyda xavfsizlik kuchlarini ko’rish mumkin. Biroq Hindiston hukumati Kashmir sayyohlar kelishiga tayyor ekanini aytmoqda.

“Vaziyat oldingidan ancha yaxshi hozir. Bu yerga kelishni niyat qilganlar fikridan qaytmasin. Yaqin oylarda tog’lar qor bilan qoplanadi. Hukumat xavfsizlik bo’yicha shubhalar bo’lmasligi uchun shunday qaror qildi”, - dedi Jammu va Kashmir shtati politsiyasi bosh kotibi Dilbog’ Singx.

Shrinagardagi aksariyat mehmonxonalar avgust oyidan beri yopiq, taksichilar ham ko’p zarar ko’rdi. Haydovchilarning aytishicha, hukumat hududga kelmaslik qarorini bekor qilganidan foyda yo’q.

“Hozir bundan nima foyda? Hindularning Yatra ziyorati tugadi. 3 oylik turizm mavsumi yakunlanganiga ancha bo’ldi. Qishda kim keladi bu yerga”, - deydi Javod Ahmad ismli taksichi.

Poytaxt Shrinagardan salkam 50 kilometr narida chang’ida uchishga ixtisoslashgan Gulmarg kurorti joylashgan. Har yili bu yerga minglab odam keladi. Biroq Gulmargga yetguncha birorta ochiq otel uchramadi.

“Mehmonxona va restoranlar xodimlari, gidlar, ot egalari – hammasi ishsiz o’tiribdi”, - deydi Tariq Ahmad Loun ismli pudtratchi.

Gulmargga yetganda bir nechta sayyoh ko’rindi, ammo otda yurish, baggi haydash attraksionlariga, funikulyorga chiqishga navbatlar ko’rinmadi. Gulmarg bu yili turizmdan foyda ko’rmaydiganga o’xshaydi.

“Hindistonliklar chang’i uchishga uncha mehr qo’ymagan. Asosan xorijdan kelishadi. Ular chiptalarni internet orqali xarid qilishadi”, - deydi Gulmarg kasaba uyushmalari prezidenti Bashir Ahmad.

Boy tabiat va go’zal manzaraga ega Kashmir mintaqada asosiy sayyohlik maskanlaridan biridir. Odatda Kashmirdagi turizm sanoati yiliga 700 million dollar foyda keltiradi, biroq avgust oyidan beri 210 million dollarlik zarar ko’rildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG