Breaking News

Hukumatni tanqid qilgan qozog’istonlik bloger uy qamog’ida saqlanmoqda


Oygul Utepova saqlangan psixdispanser (Togjan Tuzel surati)

Qozog’istonlik bloger Oygul Utepova ruhiy dispanserda “ko’rik” uchun salkam uch hafta ushlab turildi. U ijtimoiy sahifalarda hukumat faoliyatini tanqid qiluvchi postlar qoldirgan edi.

Chimkentlik blogerning “Facebook”dagi sahifasi va “YouTube” kanalida 8000 obunachisi bor. Sentabr oyidan beri uy qamog’ida qolayotgan Utepova poytaxt Nur-Sulton sudi qaroriga ko’ra dispanserga ko’chirilgan edi.

2018-yilgacha “NewTimes.kz” axborot agentligida ishlagan 50 yashar jurnalist ekstremistik tashkilot faoliyatida qatnashganlikda ayblanmoqda.

Uning qizi Togjon Tuzelning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, hukumat onasini “Qozog’iston demokratik tanlovi” hamda “Koshe partiyasi” kabi muxolif harakatlar faoliyatini o’z sahifalarida yoritgani uchun, hukumatning jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga qaratilgan urinishlarini fosh qilgani uchun jazolanmoqda.

“Har yili yuzlab odam Qozog’istonda ekstremizm va terrorizm ayblovlari bilan qamalmoqda. Bu to’g’ri emas. Ular ijtimoiy sahifalarda o’z fikrini tinch yo’l bilan bildirgan, kichik hajmdagi ko’cha namoyishlarida qatnashgan”, - deydi Tuzel.

Utepova 11-dekabrda ruhiy klinikadan chiqarilishidan oldin sud uy qamog’ini 17-yanvargacha uzaytirdi.

Qozog’istonda so’z va matbuot erkinligi keskin cheklangan, hukumat o’z tanqidchilari yoki islohotlarga da’vat etayotgan siyosiy harakatlar haqida ijobiy ruhda maqola yozganlarni ekstremistik guruhlar faoliyatida qatnashish va ularni qo’llab-quvvatlash kabi ayblovlar bilan qamamoqda. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi jadvalida Qozog’iston 180 mamlakat orasida 157-pog’onada turibdi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ning izoh bildirish iltimosiga javob bermadi.

2019-yilda yana bir bloger Ardak Ashim ham ruhiy kasalxonaga joylashtirilgan edi. U ijtimoiy sahifada bir amaldorni haqoratlaganlikda aybdor topilgan edi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotida tadqiqotchi Xezer Makgillning aytishicha, Qozog’iston hali ham sovet davridan qolgan bunday jazo usulidan voz kechmadi.

Utepovaning advokati Galim Nurpeisovning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, hukumat so’nggi paytlarda siyosatga aralashgan jurnalist va blogerlar ketiga tushgan.

Qozog’istonlik inson huquqlari himoyachisi Yevgeniy Jovtisning aytishicha, hukumat tanqidchilarga nisbatan qattiqqo’llik ko’rsatmoqda.

“Siyosiy muxolifat, mustaqil jurnalistlar, blogerlarga qarshi bosim kuchaymoqda. Ayniqsa “Qozog’iston demokratik tanlovi” muxolif harakatini qo’llab-quvvatlaganlarga nisbatan”, - deydi u.

Jovtis nazarida bunday ayblovlar dissidentlarni jazolashga qaratilgan bahonadir.

“Qozog’iston demokratik tanlovi” muxolif harakati davlat mablag’ini talon-taroj qilishda, mansabini suiiste’mol qilishda ayblanayotgan sobiq vazir Muxtor Ablyazov tomonidan tashkil etilgan bo’lib, hukumat tanqidchisi Yevropaga qochgan. Uning tarafdorlari barcha ayblovlar ostida siyosiy sabablar borligini aytmoqda. 2018-yil martida Qozog’iston sudi siyosiy harakatni ekstremistik tashkilot deb faoliyatini man qilishga hukm chiqargan. “Koshe partiyasi” harakati ham may oyida ekstremistik tashkilot deb topildi.

Rasmiylarga ko’ra, bu guruhlar Qozog’istonda konstitutsion tartibni kuch orqali o’zgartirishni targ’ib qilgani uchun ham ekstremistik deb belgilangan, biroq bu ikki harakat tarafdorlari ularning maqsadi demokratik islohot ekanini aytmoqda.

BMTning inson huquqlari bo’yicha maxsus hisobotchisi Fionnuala Ni Aoleynning 2019-yil mayida Qozog’istonga safaridan so’ng aytishicha, qozoq qonunchiligida “ekstremizm” va “nafrat qo’zg’atish” keng ma’noga ega bo’lib, diniy, uyushish, so’z erkinliklarini cheklashga qaratilgan.

Sobiq sovet hududlarida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni o’rganuvchi Varshavadagi “Ochiq muloqot jamg’armasi” mutaxassisi Maksim Sitnikovning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, xalqaro hamjamiyat faollar va hukumat tanqidchilarini ruhiy kasalxonaga joylashtirayotgan, ularni o’ldirishni va qiynoqqa solishni buyurayotgan qozog’istonlik amaldorlarni qora ro’yxatga kiritishi kerak.

“Demokratik davlatlar hukumatlari siyosiy ta’qibga doir har bir holatni hamda psixiatriya orqali jazolash, qiynoqqa solish va huquq-tartibot idoralarining boshqa turdagi jiddiy huquqbuzarliklarga qo’l urish hollarining tergov qilinmasligini ochiq qoralashi zarur”, - deydi Sitnikov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG