Breaking News

Qozog’iston qochqinlarni vatanga qaytargani uchun tanqid ostida


Qozog’iston qochqinlarni vatanga qaytargani uchun tanqid ostida
Qozog’iston qochqinlarni vatanga qaytargani uchun tanqid ostida

Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” tashkilotining bayon qilishicha, Qozog’iston hukumati o’zbekistonlik 28 mahbusni vataniga ekstraditsiya qilib, xalqaro qonunlarni oyoq osti qildi.

Diniy tazyiqlardan qochib chet eldan boshpana so’ragan insonlarni badarg’a qilmaslik Qozog’iston o’z zimmasiga olgan majburiyatlardan.

“O’zbekistonga zo’raki qaytarilgan bu odamlar u yerda qiynoq va ta’qiblarga uchrashi ayon”, - deydi Reychel Denber, tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktor o’rinbosari.

“Xalqaro hamjamiyat Qozog’istonning bu qarorini zudlik bilan qoralashi kerak”.

“Human Rights Watch” ning qayd etishicha, O’zbekistonda qiynoqlar sistematik tarzda qo’llanishi BMT tomonidan tasdiqlangan fakt. Qiynoqlarga qarshi xalqaro qo’mita 2007 yili vaziyatni o’rganib, bu xulosani o’z kuchida qoldirgan.

9 iyun kuni vataniga ekstraditsiya qilingan 28 kishi diniy tazyiqlardan qochib Qozog’istonga kelgan va BMT Qochqinlar agentligiga murojaat qilgan edi. Yana 4 nafarining taqdiri noma’lum.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi O’zbekistondan mahbuslar haq-huquqi hurmat qilinishi xususida rasmiy maktub olganini bildiradi.

Faollar nazarida esa bunday “diplomatik kafolat” hech narsani anglatmasligi hammaga ma’lum.

“Human Rights Watch” O’zbekiston turmalaridagi ahvolni o’rganishda, mamlakatga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishda AQSh va Yevropa Ittifoqidan yordam so’ramoqda.

XS
SM
MD
LG