Breaking News

Qozog'istondagi qonli voqealar, saylovlar Xelsinki Komissiyasida ko'rildi


AQSh Xelsinki Komissiyasida Qozog'istonda inson huquqlari ahvoli tinglanmoqda, 25-yanvar, 2012-yil

Qozog'istonning Janao'zen shahrida namoyishchilarga qarshi zo'ravonliklar va shu oy o'tgan parlament saylovlari AQSh Kongressi diqqatini respublikadagi inson huquqlari ahvoliga qaratdi.

Qozog'iston AQShning Markaziy Osiyodagi eng yaqin hamkorlaridan hisoblanadi. Respublika mustaqillikning ilk yillarida hududida Sovet Ittifoqidan qolgan yadro qurollaridan voz kechdi. Amerikaning yirik yonilg'i kompaniyalari Qozog'istonda ishlaydi. Qo'shma Shtatlar yordami bilan 2010-yilda Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qildi. Mintaqada iqtisodi gurkirayotgan respublika AQSh, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan til topishib, barchasining manfaatini muvozanatda ushlab keladi.

Ammo o'tgan yil dekabr oyida Qozog'istonning shu paytgacha dunyoga notanish bo'lgan Janao'zen shahrida konchilar namoyishlari tartibsizliklarga aylanib, hukumat qurol ishlatishga majbur bo'ldi. 10 dan ortiq odam o'ldi.

Namoyishning zulm bilan bostirilgani uyali telefon vositasida videoga tushirilib, butun dunyoga tarqaldi. Shaharda e'lon qilingan favqulodda holat shu bugungacha davom etmoqda, zo'ravonlikka guvoh bo'lgan fuqarolar ta'qibga uchramoqda.

Nisbatan barqaror Qozog'istondagi voqealar zudlik bilan jahon hamjamiyati diqqatini o'ziga tortdi.

AQSh Kongressi qoshidagi Xelsinki Komissiyasining raisi, kongressmen Kristofer Smitning kechagi tinglovda aytishicha, Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rais bo'lishga loyiq emas edi.

"Men shaxsan bunga qarshi bo'lganman. Masalani yana bir oz muhokama qilish, amaliy ishlarga qarab ish tutish kerak edi. Raislik islohotlar uchun mukofot bo'lib xizmat qilishi lozim edi", - deydi qonunchi.

1990-yillar boshida Qozog'istonda AQSh elchisi bo'lgan Uilyam Kortnining aytishicha, Janao'zen fojiasi respublikada ko'z-ko'z qilinayotgan iqtisodiy barqarorlik va milliy totuvlikning qaltisligini namoyish etdi. Neft va gaz sanoatiga katta e'tibor qaratilib, boshqa sohalar unutildi; ijtimoiy dasturlarga mo'ljallangan pul poytaxt Ostona qurilishiga sarflandi; qishloq xo'jaligiga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti, korrupsiya chuqur ildiz otgan.

"Iqtisodiyot kuchayayotganiga qaramay siyosiy vaziyat tang. Demokratik islohotlar va'dasi bajarilmay kelmoqda. Mustaqil siyosiy faoliyatga qo'yilgan cheklovlar tinch o'zgarishlar ehtimolini zaiflashtirmoqda", - deydi sobiq elchi.

Uilyam Kortni nazarida "Arab bahori" va qo'shni Rossiyadagi saylovoldi siyosiy faollik Qozog'istonga bevosita ta'sir qilishi mumkin.

Kecha Qozog'iston Bosh prokuraturasi Janao'zendagi fojiaga qanday omillar yetaklagani va kim aybdor ekanini ma'lum qildi. Tergov xulosalariga ko'ra, olti kishi tartibsizliklarni bevosita tashkillashtirgan, ammo muammo negizida mahalliy rasmiylarning noqonuniy harakatlari o'rin olgan. Xususan, Janao'zenning sobiq va amaldagi hokimlari hamda mahalliy neft va gaz korxonalari rahbarlari ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar uchun ajratilgan mablag'ni yillar davomida o'zlashtirgan. Ularga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi.

Janao'zen qurbonlari
Janao'zen qurbonlari

Ammo inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Freedom House tashkilotining Yevrosiyo bo'yicha vakili Syuzan Korkning Xelsinki Komissiyasidagi tinglovda so'zlashicha, Janao'zen voqeasi tasodif emas, mamlakatda fuqaroviy faollik oshmoqda.

Syuzan Korkning aytishicha, Nursulton Nazarboyev hukumati so'nggi bir necha oyda aholi noroziligini uyg'otuvchi qator repressiv choralar ko'rib, vaziyatni murakkablashtirmoqda.

"Xususan, o'tgan yil oktabrida kuchga kirgan diniy faoliyat haqidagi qonun, joriy yil boshida prezident tasdiqlagan milliy xavfsizlik haqidagi qonun hamda o'tgan hafta imzolangan televideniye va radio haqidagi qonun avvalambor Nazarboyev siyosati tanqidchilarini nishonga oladi, internetni cheklaydi, xavfsizlik kuchlariga qo'shimcha vakolat beradi, siyosiy muxolifatni zaiflashtiradi, davlatning matbuot ustidan nazoratini kuchaytiradi".

Xelsinki Komissiyasi tinglovida qatnashgan mutaxassislar nazarida Barak Obama ma'muriyati Qozog'iston bilan inson huquqlari bobida muloqotni kuchaytirishi, uni siyosiy islohotlar tomon og'dirishi lozim.

AQShning Qozog'istondagi sobiq elchisi Uilyam Kortni matbuot erkinligi doirasida Amerika Ovozida qozoq xizmatini ochishni hamda Amerikadan Markaziy Osiyoga rus tilida tele va radiodasturlar uzatishni yo'lga qo'yishni taklif etdi.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG