Breaking News

Qozog'istonda uch ming yillik maqbara topildi


Qarajartas maqbarasi
Qarajartas maqbarasi

Qozog’istonning Qarag’anda oblastida arxeologlar qadimiy maqbaraga duch keldi. Yoshi uch mingdan ulug’ bo’lgan bu yodgorlikni Qarag’anda davlat universitetining Sariarkin arxeologik instituti ilmiy xodimi Viktor Novojenov topgani aytiladi.

Qarajartas mavzoleyidagi qabr ichidan inson qoldig’i topildi. Qabrning kichik ekani ta’kidlanmoqda, chunki Bronza davrida o'lganlarni embrion shaklida ko’mishar edi.

Topilgan bosh suyagidan qadimgi odamlarning yuz tuzilishini, tana suyaklaridan mashg’ulotini, but holda topilgan sopol xumlar ichidagi kukundan esa yegan taomlarini aniqlasa bo’ladi.

Maqbaraning balandligi ikki, uzunligi 15, eni esa 14 metr atrofida. Viktor Novojenovning aytishicha, inshoot tosh va loydan yasalgan bo’lib, tashqi tomoniga plitalar tushirilgan.

Tashqi ko’rinishdan maqbara piramidaga o’xshab ketadi. Qazish ishlari paytida bronzadan yasalgan pichoq, mavzoley atrofida yana bir necha qabr topilgan. Maqbaraga qo’yilgan odamning yuqori mansabga ega ekani aytiladi.

Qozog’istondagi topilma haqida xabar internet orqali tarqalganda ayrim axborot vositalari maqbaraning Misr piramidalaridan qadimroq ekanini ma’lum qilishgan.

Ammo aytish joiz, Qarajartas mavzoleyining yoshi uch ming atrofida, Misr piramidalari esa hajmi jihatdan ulkan bo’lib, 4000-4500 yil oldin qurilgan, ya’ni Qarajartas maqbarasidan ming-bir yarim ming yil oldinroq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG