Breaking News

AQShning BMTdagi yangi elchisi ishga kirishdi


Kelli Kraft, AQShning BMTdagi yangi elchisi
Kelli Kraft, AQShning BMTdagi yangi elchisi

Shu hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 74-yillik sessiyasi boshlanmoqda. Yirik xalqaro anjuman arafasida AQShning BMTdagi yangi elchisi ishga kirishdi. 57 yashar Kelli Nayt Kraft so’nggi 10 yilda bu lavozimga ketma-ket tayinlangan to’rtinchi ayol diplomatdir.

Xalqaro hayot - 16-sentabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:59 0:00

Kelli Kraft o’tgan hafta ishonch yorliqlarini BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishga topshirib, yangi lavozimdagi faoliyatini Xavfsizlik Kengashidagi majlis bilan boshladi.

Yangi hamkasblar olqishlaridan so’ng Kraft uch rezolyutsiya bo’yicha ovoz berdi. Yangi elchi erkinlik, demokratiya va inson huquqlari masalalarini himoya qilishga zo’r berishini aytdi.

“Gumanitar inqiroz va geosiyosiy to’qnashuvlarga cho’mgan dunyoda Amerikaning yetakchiligi muhim bo’lib, uni ta’minlashga harakat qilaman. Amerika qadriyatlari va manfaatlarini mudofaa qilaman. Do’stlarimiz va ittifoqchilarimizni qo’llab-quvvatlayman. Kambag’al va zaiflarni himoya qilaman. Inson qadri va hurmati uchun kurashayotgan fidoyilar bilan ishlayman”, - dedi Kraft.

Kentuki shtatida tug’ilgan sobiq tadbirkor Kelli Kraftning milliarder turmush o’rtog’i Jo Kraft ko’mir ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyani boshqaradi. Juftlik Respublikachilar partiyasiga ko’p xayriya qilib turadi, 2016-yil prezident saylovlarida Tramp saylov shtabiga bir million dollar o’tkazgan.

Kelli Kraft ikki yil oldin Kanadaga elchi sifatida tayinlangan. AQSh, Kanada va Meksika o’rtasidagi yangi savdo shartnomasi bo’yicha muzokaralar uning elchilik davriga to’g’ri keldi.

Fevral oxirida Prezident Tramp uning nomzodini BMTda Yangi yildan beri bo’sh turgan elchilik lavozimiga ko’rsatgan. Senatdagi demokratlar Kraftning tashqi siyosat bobida tajribasi oz deb e’tiroz bildirganiga qaramay, 31-iyul kuni uning nomzodi kichik farq bilan tasdiqlandi.

“Elchi xonim, bunday murakkab va qiyin vazifani ado etish uchun sizda yetarlicha malaka bor deb o’ylamayman. Tarixan AQShning BMTdagi elchilari jiddiy rahbarlik tajribasiga ega bo’lgan yoki tashqi siyosatda uzoq ishlagan”, - dedi demokrat-senator Bob Menendez.

Kanadadagi elchiligi paytida 608 ish kunining yarmidan ko’pida Kelli Kraftning elchixonada ko’rinmaganini ham qonunchilar elakdan o’tkazdi.

BMT faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan tahlilchi Richard Govanning aytishicha, Kraft Bosh Assambleya sessiyasida ikkinchi darajali rol o’ynaydi.

“Uning ishi prezidentning sessiyadagi ishtiroki yaxshi o’tishini ta’minlash. Bu anjumanda elchi qizg’in diplomatik faoliyat bilan shug’ullanmaydi. Ammo sessiya yakunlanishi bilangina oldingi qatorga chiqib, Xavfsizlik Kengashining boshqa a’zolari hamda BMTdagi muhim diplomatlar bilan aloqalarni o’rnatishga kirishadi deb o’ylayman”, - deydi Govan.

Bosh Assambleya majlisining bu yilgi muhim mavzularidan biri iqlim o’zgarishi. Kraftning turmush o’rtog’i ko’mir sanoati bilan shug’ullanishini hisobga olganda yangi elchining iqlim o’zgarishi bo’yicha qanday pozitsiyani egallashi ko’plarga qiziq.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli to’qqiz oy avval ishdan ketgan edi. Xeyli vazirlar mahkamasining a’zosi bo’lgan, elchi Kraft esa mahkamaga kiritilmadi.

Tahlilchilar nazarida, AQSh tashqi siyosatini belgilashda Kraftning roli Xeyliga qaraganda cheklanganroq bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG