Breaking News

Bir asr oldin tavallud topgan Kennedi qanday prezident bo'lgan?


29-may Jon Kennedining tug'ilgan kuni. Bugun hayot bo'lganida 100 ga kirgan bo'lardi.
29-may Jon Kennedining tug'ilgan kuni. Bugun hayot bo'lganida 100 ga kirgan bo'lardi.

Amerika 1963-yilda otib o’ldirilgan 35-prezident Jon Fitsjerald Kennedi tavalludining 100 yilligini nishonlamoqda. Mamlakatni uch yildan kam boshqarishiga qaramay, Kennedi Amerika tarixi va madaniyatida o’chmas iz qoldirdi.

Kennedi Vashington yaqinidagi Arlington qabristonida oila a’zolari bilan dafn etilgan. Uning qabrini ko’plab sayyohlar ziyorat qiladi, ayniqsa yoshlar.

"Suiqasd kuni men kollejda edim. Voqeani televizorda tomosha qildik. So’ng dafn marosimini ko’rsatishdi", - deydi Vashingtondagi Amerika universitetida Kongress va prezidentlarni o’rganish markazi xodimi Jeyms Turber.

Mashinada ketayotgan Kennedining o’ldirilganini nafaqat Amerika, balki butun dunyo ko’radi. Qisqa muddat prezidentlik qilgan arbob buyuk rahbar sifatida tarixga kiradi.

"Kennedi yosh ketdi. Uning hayoti bilan bog’liq ko’plab afsonalar bo’lar edi. Amerika uning oilasini – go’zal rafiqasi va murg’ak bolalarini sevar edi. Kennedi o’ldirilganidan keyin afsonalar kuchaydi. U yosh, shijoatli inson sifatida xotirada qoldi", - deydi tadqiqotchi Turber.

Kennedi 1961-yilda 43 yoshda prezidentlikka keldi.

Uning inauguratsiya nutqida aytilgan bir gapi mashhur bo’ldi. “Mamlakatim men uchun nima qilib berishi mumkin deb emas, men mamlakatim uchun nima qilib berishim mumkin deb so’rang” degan edi Kennedi. U siyosiy partiyalarni umumiy maqsad yo’lida hamkorlikka ham chaqirgan edi.

"Bugun partiya g’alabasini emas, o’zgarishlar, yangilanishga chorlovchi ozodlik g’alabasini nishonlayapmiz”, - degan edi u saylovdagi g’alabasidan so’ng.

Kennedining prezidentligi paytida Sovet Ittifoqi bilan Kuba yuzasidan munosabatlar ziddiyatlashdi, Vyetnam urushi avjida edi, koinotni zabt etish uchun raqobat kuchaydi. Uning qarori bilan “Tinchlik Korpusi” ko’ngillilar dasturi paydo bo’ldi. Olimlar Kennedining prezidentligini turlicha baholaydi. Ba’zilarining aytishicha, uning fojiaviy o’limi va qisqa muddatli prezidentligi Kennedi faoliyatiga xolis baho berishni qiyinlashtiradi.

Biroq sobiq rahbar Amerikaning ko’plab siyosiy arboblarini, jumladan, sobiq Prezident Barak Obamani ruhlantirgan.

"Prezident Kennedi kuchli rahbar edi, Sovuq urushning eng nozik va xavfli davrida vaziyatni qurolsiz yumshatishga muvaffaq bo’ldi, qora tanli yoshlarning huquqlarini, ayollarning o’zlari istagan universitetda o’qish huquqlarini kuchaytirdi, yosh ko’ngillilar korpusining tinchlik elchilari sifatida dunyoning turli chekkalarida ishlashiga imkon yaratdi, insonni Oyga olib chiqish dasturini boshladi", - dedi Obama.

May boshida Barak Obama Jon Kennedi nomi bilan yuritiluvchi “Matonat” sovrini bilan taqdirlandi. Bu mukofot Kennedining nutqlarida ulug’langan siyosiy matonatga ega arboblarga topshiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG