Breaking News

Jon Kerri: Eron bilan erishilgan bitim dunyoni xavfsizroq qiladi


Jon Kerri "Amerika Ovozi"ning fors xizmatiga intervyu bermoqda.
Jon Kerri "Amerika Ovozi"ning fors xizmatiga intervyu bermoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Eron bilan yadro dasturi yuzasidan erishilgan bitim jahonni xavfsizroq qiladi, Eron ahlining turmushini yaxshilab, Amerika bilan hamkorlikka eshiklarni ochib beradi. Suhbatni mana bu yerda ingliz tilida to'liq tomosha qiling.

Jon Kerri Obama ma'muriyatiga bu masalada AQSh qonunchilarini o'z tarafiga og'dirishda hal qiluvchi rol o'ynab keladi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQSh bosh diplomatining aytishicha, qonunchilar bir narsani tushunib yetishi kerak - Eron va olti yirik davlat erishgan bitimni ma'qullashmasa, bu Yaqin Sharqning tinchini yanada buzishi, urushlarni avj oldirishi mumkin.

BMT Xavfsizlik Kengashi dushanba kuni bu bitimni bir ovozdan qo'llab-quvvatlagan.

Obama ma'muriyati hujjatni Kongress muhokamasiga taqdim etgan va buning uchun 60 kun muhlat bergan. Kelishuv Eron qonunchilarining tasdig'idan ham o'tishi kerak.

Amerika Mudofaa vaziri Eshton Karter esa bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ko'rishmoqda.

Netanyaxu Eron bilan imzolangan bitimning ashaddiy tanqidchilaridan. Uning aytishicha, AQSh, Britaniya, Germaniya, Xitoy, Fransiya va Rossiya erishgan kelishuv tarixiy xatodir.

Karter Isroilni tinchlantirishga urinib, Amerikaning Yaqin Sharqdagi strategiyasining poydevori Isroildir, degan.

BMT Xavfsizlik Kengashi ham bitimni yoqlashi ketidan Isroilning BMTdagi elchisi Ron Prozor buni fojea deya ta'rifladi.

Eronning ixtiyorida endi milliardlab dollar bor va bu pulni terrorchi guruhlarni moliyalash uchun ishlatishi aniq, deydi u.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer kengashning qarorini olqishlayapti. Biroq uning aytishicha, bitim Eronga doir xavotirlarni to'liq hal qilgani yo'q. Inson huquqlari, terrorizm bilan bog'liq xavotirlar hanuz yechimini topgani yo'q, deydi u.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bitimni bugun Eron parlamentiga havola etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG