Breaking News

Jon Kerri: "Islomiy davlat" guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya tuzamiz


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Irlandiya aeroportida
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Irlandiya aeroportida

“Nyu-York Tayms” gazetasida chop etilgan maqolasida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri “Islomiy davlat” terror tizimiga qarshi kurashda xalqaro koalitsiya tuzishga chaqiradi. Bu guruh, deya yozadi u, nafaqat Iroq va Suriya tinchligi, balki Qo’shma Shtatlar va butun dunyo barqarorligiga raxna solmoqda.

“Ekstremistlarni tegishli hukumatlar va xalqlar birlashibgina yengishi mumkin”,- deydi Amerika bosh diplomati.

Obama ma’muriyati bu borada o’z rejasini va yangi strategiyasini BMT Bosh Assambleyasining yaqinlashayotgan yillik sessiyasida taqdim etadi.

Prezident Barak Obama bu hafta Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatdda “Islomiy davlat”ga nisbatan hali aniq strategiya yo’q degani uchun keskin tanqid ostida.

Respublikachilar demokrat rahbarni Amerika qila oladigan emas, qila olmaydigan ishlar haqida ko’p gapirib, davlatni zaif qilib ko’rsatayotganlikda ayblamoqda.

Obamaning bu tanqidga javobi shuki, Vashington puxta o’ylamay turib, shoshqaloqlik bilan o’zi istamagan ishlarga aralashmasligi lozim.

Avstraliya Iroqda terroristlarga qarshi kurashishda yordam berishga shay.

“Bu borada Amerika bilan bir yoqadan bosh chiqaramiz va havo hujumlarida madad ko’rsatamiz”,- deydi Avstraliya Tashqi ishlar vazirasi Juli Bishop.

150 dan ziyod avstraliyalik “Islomiy davlat” guruhi safida ekani haqida xabarlar bu mamlakat ommasini dahshatga keltirgan. Bosh vazir Toni Abbott Vashington bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

“Muhokamalar davom etmoqda. Harbiy jihatdan puxta davlat sifatida terrorizmga qarshi kurashda Qo’shma Shtatlar bilan yonma-yon harakat qilamiz va nimaiki yordam kerak bo’lsa, shaymiz”,- deydi Abbott bugun parlamentda so’zlar ekan.

23 millionga yaqin aholiga ega Avstraliyada qariyb yarim million musulmon bor. Din va terrorizm orasidagi farqni tushunamiz deya musulmon liderlar targ’ibot ishlari olib bormoqda. Hukumat mutaassiblikka nisbatan ta’limiy va ijtimoiy choralar ko’ra boshlagan.

Isroil nazorati ostidagi Golan tepaliklarida BMT tinchlikparvar kuchlari va Suriyadagi jangarilar orasida qonli janglar kechgan.

Tinchlikparvar kuchlar asosan Filippin askarlaridan iborat ekani ma’lum. Qo’mondonlarning aytishicha, jangarilar BMT askarlariga o’q uzgach otishma boshlangan.

Hafta boshida bu hududda Fiji davlatidan bo’lgan 44 harbiy garovga olingan edi. BMT ular xalqaro kuchlar deya ozodlikka chiqarilishini talab qilmoqda.

Jangarilar ularni o’ldirmoqchi emasligini aytib, BMTga murojaat qilgan. Maqsad bu xorijliklarni hududdan umuman chiqarib yuborish, deya qayd etilgan.

Jangarilar al-Qoidaga hamkor al-Nusra frontidan ekani taxmin qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG