Breaking News

Kerri Pokiston bilan muzokara qildi, Eron bilan muloqot rejalangan


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Pokistonda Bosh vazir Navoz Sharif bilan uchrashdi. Kerri kecha Hindistonda bo'lib, savdo va sarmoya sammitida qatnashdi, davlat rahbarlari bilan uchrashdi. Pokistonga tashrif oldindan e'lon qilinmagan edi.

Davlat departamenti rasmiysiga ko'ra, Kerri AQSh-Pokiston strategik muloqotining vazirlar darajasidagi keyingi majlisi haqida gaplashish uchun Islomobodga borgan. So'nggi bor bunday majlis 2014-yili Vashingtonda o'tgan edi.

"Strategik muloqot Pokistonda kuchli, samarali boshqaruv institutlarini rivojlantirishda yordam beradi", - deydi bu rasmiy.

Kerrining aytishicha, Pokiston hukumatining shimoli-g'arbdagi qabilaviy hududda jangarilarga qarshi amaliyotlari yaxshi natija bermoqda, biroq terror guruhlariga qarshi kurash tugagani yo'q hali.

Kerri AQSh-Pokiston strategik muloqotida qatnashib, Pokiston va Afg'onistondagi Tolibon guruhlari, Haqqoniy tarmog'i, Lashkari Toiba nafaqat Pokiston, balki qo'shni davlatlar va AQShga ham tahdid, dedi.

Unga ko'ra, ekstremistlar Pokiston yoki boshqa hech bir joyga qadam bosa olmasligi kerak.

Kerri Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashib, terrorchilarga qarshi kurash xususida gaplashdi. O'tgan oy Peshovarda Tolibon harbiy bilim yurtiga hujum qilib, 141 odam, jumladan 132 o'quvchini o'ldirganidan beri Pokiston hukumati jangarilarga qarshi siyosatni kuchaytirgan.

Chorshanba kuni esa Kerri Jenevada Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan ko'rishib, Eron yadro dasturi bo'yicha xalqaro muzokaralarning navbatdagi bosqichidan oldin muloqot qiladi.

Kerrining aytishicha, uchrashuv muzokarlarni jadallashtirishda yordam beradi.

AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Germaniya bir yildan beri Eron bilan muzokara qilib keladi. Tehron atom quroli ustida ishlamoqda deb xavotirga tushgan G'arb uni bu yo'ldan qaytarmoqchi. Eron dastur tinch maqsadlarga qaratilganini aytib keladi.

Payshanba kuni muzokaralarning navbatdagi bosqichi boshlanadi. Tomonlar ikki bor kelisha olmagach, 1-iyulgacha gaplashishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG