Breaking News

Kerri Myunxenda Ukraina muxolifatchilari bilan uchrashdi


Ukrainalik tadbirkor Pyotr Poroshenko, "Udar" partiyasi rahbari Vitaliy Klichko, "Ota Vatan" partiyasi yetakchisi Arseniy Yatsenyuk AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashmoqda, Myunxen (Germaniya), 1-fevral, 2014-yil
Ukrainalik tadbirkor Pyotr Poroshenko, "Udar" partiyasi rahbari Vitaliy Klichko, "Ota Vatan" partiyasi yetakchisi Arseniy Yatsenyuk AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashmoqda, Myunxen (Germaniya), 1-fevral, 2014-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Germaniyada o’tgan xavfsizlik anjumani chetida Ukraina muxolifati yetakchilari bilan uchrashdi. Arseniy Yatsenyuk, Vitaliy Klichko va Petr Poroshenko Kerridan maslahat olgan.

"AQSh ma’muriyatining Ukrainada demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlaridan minnatdormiz. Muxolifat mamlakatda hukm surayotgan siyosiy va iqtisodiy mojaroga chek qo’yishga tayyor", - dedi “Ota Vatan” partiyasi rahbari Yatsenyuk.

Uning aytishicha, Myunxenda G’arb rahbarlaridan Ukraina oppozitsiyasi uchun pul so’ralgan.

Juma kuni Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich namoyishlar paytida hibsga olinganlarga nisbatan amnistiya e’lon qildi. Muxolifat yetakchilari choradan norozi. Ularga ko’ra, amnistiya namoyishchilar tomonidan egallangan davlat idoralari bo’shatilsagina qo’llanadi.

Yanukovich muxolifatni siyosiy inqirozni chuqurlashtirganlikda ayblab, hukumat uni bartaraf etish uchun o’z majburiyatlarini bajarganini aytdi.

Myunxenda Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov achchiq so’z almashdi.

Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Ukrainaning demokratiya tomon intilishini qo’llab-quvvatlaydi.

"Mamlakat kelajagi bir davlatga bog’liq bo’lishi shart emas", - dedi Kerri Rossiyaga sha’ma qilib.

Lavrov AQSh va Yevropa Ittifoqini ikkiyuzlamachlikda aybladi. Uning aytishicha, G’arb Ukrainada politsiyaga qarshi hujumlarga, davlat idoralarining omma tomonidan bosib olinishiga, namoyishchilar orasida irqchi, natsist va antisemit shiorlar yangrayotganiga ko’z yummoqda.

"Ammo bu hol Yevropa yoki AQShda sodir bo’lganida edi, namoyishchilar ayovsiz jazolanardi", - dedi Lavrov.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG