Breaking News

Nyu-Yorkda kitobxonlar yig'ilib turadigan KGB kafesi bor


Nyu-Yorkda KGB kafesi bor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00

Nyu-Yorkda yozuvchilar va kitobxonlar har oy “KGB” deb nomlangan kafeda yig’ilib turadi. Uning egasi bilan bu joy tarixi haqida suhbatlashdik.

Manxettendagi qizil binoda “KGB” degan oddiygina neon belgiga ko’zingiz tushadi. Ammo bu kafening Rossiya xavfsizlik xizmatiga aloqasi yo’q. Kreyn Gallereya Bari degan adabiyot maskani bu. Qisqacha - “KGB”. Ukrain amerikalik Denis Voychek kafeni 1993-yilda ochgan. O’shandan buyon yuzlab adabiy kechalarga mezbonlik qildi.

Voychekning otasi AQShga 1940-yillarda kelgan. O’shanda bu binoda ukrainalik sotsialistlar yig’ilib turar, otasi Denisni ham o’zi bilan olib borar edi.

“Besh yoshda edim. Bolalar otasiga o’xshagisi keladi. Kattalar ichib o’tirganini ko’rsam, konfetadan ham mazaliroq bo’lsa kerak deb o’ylardim”, - deydi Voychek.

Bar 1920-yillarda qurilib, noqonuniy spirtli ichimliklar savdosi bilan shug’ullangani uchun, nomi bo’lmagan. Voychek unga nom berdi, lekin mahalliy hukumat bu nomga qarshi chiqdi.

“Davlat departamentiga murojaat qilganimda, berayotgan nomingizni asoslab berasiz, deyishdi. KGB, SRU, FBR kabi so’zlar mumkin emas ekan. Ularga Kreyn gallereyasi degan tashkilotim bor, dedim. Bar degan so’z qo’shilsa, KGB bo’ladi. Rozi bo’lishdi”, - deydi Voychek.

Avvaliga odamlar “KGB” degan joyga shubha bilan qarashdi, lekin o’rganib ketishdi. Kafe devorlarida Sovet Ittifoqi bayroqlari, plakat va ramzlarini ko’rasiz. Ammo bu joy siyosiy va diniy muhokamalar uchun emas. Yozuvchilar, kitobxonlarga eshik ochiq.

“KGB” kafesi bugun Mantexetenning eng mashhur joylaridan. Yozuvchilar kelib, asarlaridan parchalar o’qib berishadi.

Denis Voychekning o’zi ham yozuvchi. “La’natilar advokati” nomli kitobida u ruhiy kasal odamlar uchun advokatlik qilgan davrlari haqida hikoya qiladi. Voychek ishini yaxshi ko’rsa-da, mijzolaridan biri unga hujum qilganidan so’ng kasbini o’zgartirishga qaror qilgan. Ammo yozishni tashlagani yo’q.

“Muhabbat haqida yozaman. Bolalar uchun yozgan kitobimda, masalan, begemot va sichqon bir-birini yaxshi ko’rib qoladi”, - deydi u.

Sobiq advokat. Ukrainalik sotsialist farzandi. Bolalar yozuvchisi. Nyu-Yorkdagi adabiyot kafesi egasi. Voychekni ba’zilar g’ayrioddiy, kitoblarda uchraydigan xayoliy personaj deb ko’rsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG