Breaking News

Sport diplomatiyasi Shimoliy Koreya eshiklarini ochishi mumkin


AQSh sobiq basketbolchisi Denis Rodman Shimoliy Koreyada, 26-fevral, 2013-yil.
AQSh sobiq basketbolchisi Denis Rodman Shimoliy Koreyada, 26-fevral, 2013-yil.
Og’ir atletika bo’yicha Shimoliy Koreyada bo’lib o’tayotgan musobaqa mamlakatning dunyoga o’z eshiklarini ochishida sport diplomatiyasining o’rni muhim ekanini ko’rsatmoqda. Agar Janubiy Koreya jamoasi musobaqada g’olib chiqsa, mezbon mamlakat uning madhiyasi yangrashiga va bayrog’i ko’tarilishiga rozi. Bunday qadam bir-biriga dushman ikki davlat o’rtasiga ramziy iliqlik olib kirishi mumkin.
Sport diplomatiyasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00
Yuklab oling
Janubiy koreyalik og’ir atletikachilar ilk bor Shimoly Koreyaga tashrif buyurdi. 22 sportchi va 19 sport rasmiysi Pxenyanda bo’lib o’tayotgan Osiyo kubogi va klublar o’rtasidagi og’ir atletika chempionatida ishtirok etmoqda.

Rasmiy Pxenyan qo’shnilarini musobaqaga rasman avgust oyida taklif qildi. Seul sportchilarning Shimoliy Koreyaga borishiga ruxsat berdi, faqat bir shart bilan. Agar sportchilar g’olib bo’lsa, Pxenyanda Janubiy Koreya madhiyasi yangrashi va bayrog’i ko’tarilishi kerak.

Janubiy Koreya suvereniteti ifodasi bo’lgan bu ramzlarning Shimoliy Koreyada rasman va ochiq tan olinishi kommunist o’lkada kuzatilayotgan ilk hodisa.

Janubiy Koreya Og’ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Kim Ki Dongning aytishicha, Shimoliy Koreyaning bayroq va madhiya masalasida yon berishi sport diplomatiyasining samarasidir.

Bu AQSh va Xitoy o’rtasida bo’lgan tennis diplomatiyasini eslatadi, deydi u. Kimning umid qilishicha, musobaqa ikki Koreya o’rtasida tinchlik almashinuvining yo’lga qo’yilishiga olib kelsa, ajab emas.

O’tgan asrning 70-yillarida tennis musobaqalari bahona boshlangan muzokaralar ortidan AQSh prezidenti Richard Nikson Xitoyga o’zining tarixiy tashrifini amalga oshirgan edi. Bu ayni paytda ikki davlat o’rtasida aloqalarning yaxshilanishiga hissa qo’shdi.

Janubiy va Shimoliy Koreyaning bu qadar yaqinlashuvini umid qilish qiyin, albatta. Ikki mamlakat nazariy jihatdan urush holatida va Pxenyan tez-tez qo’shnisiga hujum qilish bilan tahdid solib turadi.

Janubiy Koreya milliy madhiyasining Pxenyanda yangrashi tarixiy hodisa, ammo buning ro’y berishi uchun sportchilar musobaqada g’olib chiqishi kerak.

Kim kamida bayroqlarning ko’tarilishiga umid qilmoqda. Shimoliy Koreya og’ir atletika bo’yicha juda kuchli, deydi u. Ular London Olimpiadasida uchta oltin medalni qo’lga kiritgan. Shimoliy Koreyaning yutuqlaridan o’rnak olish kerak, deydi Kim.

Iyul oyida Janubiy Koreya shimoldagi qo’shnining ayollar futbol jamoasini qabul qildi. Pxenyandan farqli o’laroq, Seul 2005-yilda sport musobaqalarida Shimoliy Koreya bayrog’ining hilpirashiga va madhiyasining yangrashiga ruxsat bergan.

Kyong Nam universiteti professori Lim Ul Chulning aytishicha, sportga siyosat ta’sir ko’rsatmasligi kerak.

Sport o’yinlari, tabiiyki, tomonlar o’rtasida tinchlik va hamkorlikni targ’ib etadi, deydi u. Kimga ko’ra, bu Shimoliy Koreya uchun iliq muhit yaratib, uning xalqaro hamjamiyat uchun eshiklarini ochishiga imkoniyat yaratishi mumkin.

Ilgari ham ikki mamlakat xalqaro sport musobaqalarida yuzma-yuz kelgan. Ular hatto 2000-yilgi Sidney Olimpiadasi ochilish marosimida yagona bayroq ostida chiqqan.
Ammo o’zaro siyosiy ziddiyatlar ba’zan sport tadbirlariga ham soya soladi.

AQShlik sobiq basketbol o’yinchisi Denis Rodman yanvar oyida Pxenyanda amerikalik va koreyalik basketbolchilar o’rtasida o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazilishi rejalanayotgani haqida ma’lum qildi.

Rodman Shimoliy Koreyaning yosh rahbari, basketbol ishqibozi Kim Chen Un taklifi bilan fevral oyida Shimoliy Koreyaga tashrif buyurgan edi. Uning aytishicha, Kim Chen Un uni kitob yozishda ko’maklashishga va Shimoliy Koreya basketbol jamoasini boshqarishga ham taklif etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG