Breaking News

Kurdiston parlamenti peshmergani Kobaniga jo'natishga rozi


Iroq Kurdistoni peshmerga jangchilariga Suriyaning Kobani shahriga borib "Islomiy davlat" bilan olishishga ruxsat berdi. Kurd jangchilaridan nechtasi va qachon yo'lga chiqishi hali noaniq.

Turkiya shu hafta boshida kurdlarning peshmerga jangchilariga Iroqdan Suriyaga o'tishga ruxsat berishini aytgan edi. "Islomiy davlat" jangari guruhini to'xtatishda aynan kurd jangchilari hal qiluvchi rol o'ynayotgani aytiladi.

Bu orada Suriyaning Kobani shahrida olishuvlar davom etayapti. Amerika boshliq xalqaro koalitsiyaning havo hujumlari ham "Islomiy davlat" bilan kurashga salmoqli hissa qo'shmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligi esa Kobaniga iroqlik kurdlar nomidan eltilgan qurol-aslaha va o'q-dorining bir qismi "Islomiy davlat" jangarilari qo'liga tushgani haqidagi taxminni tergov qilayapti.

Jangarilar internetda joylagan videoda niqobdagi kishilar granata, o'q-dori va raketalarni ko'zdan kechirayotganini ko'rish mumkin. Suriyalik faollar ham jangarilar qurol-aslahaning bir qismini qo'lga kiritganini tasdiqlayapti.

Pentagon Kobanidagi kurdlarga 28 ta ana shunday yukni havo orqali yetkazgan. Shundan 27 tasi manzilga yetib borganini bilamiz, deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG