Breaking News

Kushner Rossiya bilan aloqalar xususida qonunchilar savollariga javob bermoqda


Jared Kushner
Jared Kushner

AQSh Prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner dushanba kuni Senatda qonunchilar savollariga javob berishi ketidan bugun Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasida ham so’roqqa tutiladi. Asosiy mavzu Rossiyaning o’tgan yilgi AQSh prezident saylovlariga aralashgani.

Senatdagi tinglov yopiq eshiklar ortida o’tgan. Kushnerning aytishicha, uning o’zi yoki Tramp saylov shtabining hech bir a’zosi Rossiya bilan til biriktirmagan, noqonuniy ish qilmagan.

“O’z bizneslarim uchun Rossiya fondlaridan pul olmaganman. Mendan so’ralgan barcha ma’lumotlarni ochiq-oydin oshkor etganman”, - dedi u.

Kushnerning oldindan tayyorlangan bayonotida aytilishicha, u haqiqatan rossiyalik yurist ayol va boshqa shaxslar bilan o’tgan yil iyunida Moskvada ko’rishgan, Kushner bilan birga Trampning o’g’li kenja Donald Tramp va Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort bo’lgan.

Kushner uchrashuvga kech kelganini va saylov haqida gap ketmaganini aytdi. Kenja Donald Tramp va Pol Manafort ham ushbu mavzuda Senatning Adliya qo’mitasida savolga tutilmoqda.

Bu o'rtada AQSh Adliya vaziri Jeff Seshnsga Kongress va Oq uy tomonidan bosim kuchaymoqda. Uning Rossiya sobiq elchisi Sergey Kislyak bilan uchrashuvi hamda Adliya vazirligida Tramp saylov shtabi a’zolari va Rossiya o’rtasidagi aloqalar bo’yicha tergovdan o’zini tortgani ko’p savollar uyg’otmoqda.

Senat Adliya qo’mitasining demokrat a’zolaridan biri Seshnsni ana shu mavzularda qo’mita tinglovida chiqishga chaqirmoqda.

Seshns rus elchisi bilan uchrashuv chog’ida saylov haqida gap ketmaganini ta’kidlagan edi, ammo “Vashington Post” gazetasining xabar berishicha, Kislyak Moskvadagi rahbarlariga Seshns bilan aynan saylov kampaniyasi haqida suhbatlashganini aytgan.

Senat Adliya qo’mitasi Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni tergov qilayotgan Kongressdagi bir necha qo’mitadan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG