Breaking News

Kushner: Yaqin Sharq tinchligiga erishishga imkoniyat yaratildi


Jared Kushner Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi, 30-avgust, 2020-yil

(Assoshieytid Press) Oq uy maslahatchisi, Prezident Donald Trampning kuyovi Jared Kushner Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o’rtasida AQSh vositachiligida diplomatik aloqalarni o’rnatishga qaratilgan kelishuvni tarixiy yutuq deb atarkan, boshqa arab davlatlarining ham bu yo’ldan borishi uchun sharoit yaratilganini aytdi.

Kushner va Milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert Obrayen Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqot qildi. Bugun (31-avgust) Isroildan BAAga birinchi tijoriy samolyot uchdi. Kushner Isroil hukumati delegatsiyasiga qo’shilib, mana shu reys bilan Tel-Avivdan Saudiya Arabistoni havo sarhadi uzra Abu-Dabiga yo’l oldi.

Birlashgan Arab Amirliklari Isroil bilan aloqa o’rnatgan (Misr va Iordaniyadan keyin) uchinchi arab mamlakati bo'ldi. Bu Yaqin Sharqda siyosat o’zgarayotganidan, Eron tahdidi yuzasidan mushtarak xavotirlar arab mamlakatlarining falastinliklarga yordamidan ustun ekanidan dalolatdir.

Kushnerning aytishicha, Isroil-BAA kelishuvi yaqingacha aql bovar qilmagan iqtisodiy, xavfsizlik va diniy hamkorlikka yo’l ochadi.

“Ko’plar tinchlik shartnomasini xayoliga ham keltira olmagan edi, ammo endi bundan kattaroq ishlarga imkoniyatlar yaratilmoqda”, - dedi Kushner.

Unga ko’ra, kelishuv mintaqada umidlarni jonlantirdi va bu imkoniyatdan foydalanib, mintaqaga asl salohiyatiga erishishda yordam berish kerak.

So’nggi ikki haftada ikki mamlakat to’g’ridan-to’g’ri telefon aloqasi o’rnatgan, BAA va Isroil vazirlari o’zaro do’stona muloqot qilgani aytiladi.

Shanba kuni BAA Isroilga nisbatan tijoriy boykotini rasman bekor qildi. Boykotga qaramay, ikki mamlakat so’nggi yillarda jar solmay savdo qilib kelayotgan edi. Bir necha haftadan so’ng Vashingtonda, Oq uyda diplomatik aloqalarni o’rnatish haqidagi hujjat rasman imzolanishi kutilmoqda. Boshqa arab mamlakatlari BAA ga bu borada ergashadimi, yo’qmi, hozircha aniqmas.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo o’tgan hafta Sudan, Bahrayn va Ummonda bo’ldi. Ba’zilar bu mamlakatlarni Isroil bilan aloqa o’rnatishga nomzod desa-da, Pompeo mintaqani qo’li bo’sh tark etdi.

Isroil Falastin bilan uzoq yillik mojaroga barham berishga kelishmagan bo’lsa-da, Tramp ma’muriyati arab-Isroil aloqalarini yumshatishga zo’r bermoqda. Arab mamlakatlari Isroil-Falastin mojarosi hal bo’lsagina, yahudiy davlati bilan aloqa o’rnatishga so’z bergan. Falastin va mintaqadagi ayrim davlatlar BAAni va’daga vafo qilmaganlikda, xiyonatda ayblamoqda.

Isroil-BAA kelishuvi Prezident Trampga noyabrda bo’ladigan saylovdan oldin qo’shimcha ochko bergani aytilmoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, bitim BAA bilan “shiddatli” savdo va imkoniyatlarga turtki beradi.

“Uchqunlar qanday uchishini endi ko’rasiz”, - dedi u.

Tramp Yaqin Sharq tinchlik rejasini yanvar oyida e’lon qilganida Falastin rahbariyati uni rad etib, Isroil foydasini ko’zlashini aytgan edi. AQSh o’tgan yil mayida elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirishi ketidan shaharni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’rayotgan falastinliklar Tramp ma’muriyati bilan barcha aloqalarni to’xtatgan edi.

Falastin Isroil arablar bilan 1967-yilgi urushda tortib olgan G’arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va G’azo Sektorini o’z davlati tarkibiga kirishini istaydi, biroq Tramp rejasida G’arbiy Sohilning 70 foizi falastinliklarga ajratilgan bo’lib, hudud xavfsizligini Isroil nazorat qilishi ko’zda tutilgan. Quddus tevaragidagi rayonlargina arablarga beriladi.

Netanyaxuga ko’ra, falastinliklar mintaqaviy tinchlik bo’yicha veto huquqini qo’ldan boy berdi.

“Agar falastinliklar tayyor bo’lishini kutadigan bo’lsak, bir umr kutishga to’g’ri keladi. Tobora ko’proq arab va musulmon davlatlari tinchlik doirasiga kirishi ketidan falastinliklar uchun tinchlik hamjamiyatidan tashqarida turish oson bo’lmaydi”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG