Breaking News

Zaif davlatchilik - Qirg'izistonning eng katta muammosi, deydi mutaxassislar


Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva (markazda)
Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva (markazda)

Ularning aytishicha, mo'rt davlatda qonunlar ishlamaydi. Iyun qirg'iniga ham shu omil sabab.

Qirg'iziston hukumati 10-oktabr kungi parlament saylovlari ilk bor ochiq va demokratik tartibda o'tdi desa-da, ba'zi kuzatuvchilar quvonishga hali erta demoqda.

Bundan keyingi ahvol yangi hukumat qanday bo'lishiga bog'liq, deydi ular. Xavotir shundaki, parlamentga kirgan va o'zini millatchi deb biluvchi kuchlar vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin.

Mamlakat hanuz janub va shimolga bo'lingan, davlat zaif, deydi ular.

Tahlilchilar nazarida Qirg'iziston muammosi shundaki, qonunlar ishlamaydi, ularga rioya qilinmaydi. Bunga asosiy sabab davlatning zaifligi.

Parlamentga kirgan besh partiyadan birortasining ko'pchilik o'rinlarni olmagani ahvolni yanada chigallashtirishi mumkin. Qirg'izistonda demokratiya asoslari darz ketgan, deydi ba'zilar.

Chikagodagi Nordvestern universitetida ijtimoiy fanlar bo'yicha professor Georgiy Derlugyanning aytishicha, tuzum demokratik bo'lsa ham, avtoritar bo'lsa ham, davlatchilik asoslari baquvvat bo'lishi zarur.

"Gap demokratiya yoki diktatura emas, balki kuchli davlatda. Kuchli davlatlar Fransiya kabi demokratik yoki Xitoy kabi avtoritar bo'lishi mumkin. Eng yomoni davlat zaif bo'lsa. Bunday yurtda na demokratiya va na diktatura ildiz otadi. Qirg'iziston hozirda ana shunday zaif davlatlar qatoriga kiradi", - deydi Georgiy Derlugyan.

Merilend universitetida dars beruvchi siyosatshunos olim Kevin Jouns nazarida Qirg'izistonda hech qachon demokratiya bo'lmagan. Buning uchun erkin saylovlargina kifoya qilmaydi, deydi u.

"Boshqaruv institutlari va davlatchilik mexanizmlari jonli mamlakatdagina demokratiya rivojlanishiga muhit bo'ladi. Qirg'izistonda saylov jarayoni erkinroq bo'lsa-da, mamlakat bo'ylab nazorat yo'q, institutlar ishlamaydi", - deydi Kevin Jouns.

Qirg'izistonlik yosh olim Shoirbek Jo'rayev janubdagi iyun voqealariga ham shu omillar sabab, deydi.

"Mamlakatda biror bir muayyan etnik guruhga qarshi ta'qib ketyapti, deb bo'lmaydi. Muammo shundaki, qonunlarga hech kim rioya qilmayapti. Iqtisodiy taraqqiyot yo'q ekan, aktiv qonuniy hukumat yo'q ekan, mojaro takrorlanmasligiga kafolat ham yo'q", - deydi Jo'rayev.

Kuzatuvchilar fikricha Qirg'izistonda davlatchilikka bir necha tahdid mavjud. Ulardan biri kuchga to'layotgan millatchi guruhlar va siyosatchilar. Yangi parlamentda eng ko'p o'rinni qo'lga kiritgan "Ota-Yurt" partiyasi ana shulardan biri ekani aytiladi. Biroq, deydi Shoirbek Jo'rayev, respublikada haqiqiy millatchilar yo'q.

"Ba'zi partiyalar yaqindagina millatchi deb nom chiqargan. Iyun voqealari ketidan. Ularni asosan janubdagilar qo'llab-quvvatlaydi. Ammo birontasini haqiqiy millatchi deb ayta olmayman. Ular shunchaki obro' qozonish uchun og'iz ko'pirtirmoqda, biroq o'tmish faoliyatiga e'tibor bersangiz, masalan, "Ota-Yurt" partiyasi a'zolarining aksariyati tadbirkorlar. Ular Akayev davrida ham, Bakiyev davrida ham hukumatga xizmat qilgan. Bunday keyingi hukumatlar xizmatida ham bo'ladi".

Davlatchilikka yana bir tahdid Qirg'izistonning shimol va janubga bo'lingani. Shimoldagilar janubliklarni qoloq deb hisoblasa, janubliklar hokimiyatni qo'ldan chiqarishni istamaydi. Natijada hech kim qonunga bo'ysungisi kelmaydi.

Biroq, deydi qirg'izistonlik yana bir tahlilchi, Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida yosh domla Alisher Hamidov, chet el hukumatlari Qirg'izistonda faqat shimol-janub muammosi bor deb, mamlakatning boshqa qismlariga e'tibor bermagan.

"Xalqaro tashkilotlar Qirg'izistonning g'arbiy hududlari, masalan, Batkenda faol ishlab, sharqiga, ya'ni Oloy, Talasga e'tibor bermagan. Holbuki, iyun oyidagi qirg'inning asosiy ishtirokchilari sharqdagi qirg'izlar edi", - deydi Hamidov.

Jorj Vashington universiteti olimi Shon Roberts bu fikrga qo'shilgan holda respublika va, umuman, Markaziy Osiyoda mojaro alomatlarini kuzatuvchi nazorat mexanizmini joriy etish kerak, deydi.

"Odatda xalqaro tashkilotlar mojaro tahdidini yaqqol ko'rsa yoki buyruq tushsagina o'z dasturlarini ishga soladi, shunda ham qisqa muddatga xolos. Markaziy Osiyoda anchadan beri mojaro bo'lmagani sabab, xushyorlik va qiziqish yo'qolgan edi. Iyun voqealaridan keyin munosabat o'zgaradi, degan umiddamiz".

Zo'ravonliklar 2005-yilgi saylovlar ketidan ham bo'lishi mumkin edi, deydi mutaxassislar, biroq unda Askar Akayev quvg'inidan so'ng hokimiyatga kelgan kuchlar hukumat tizginini qo'lga ola bilib, vaziyatni qisqa vaqt ichida jilovlashga muvaffaq bo'lgan.

Agar hozir ham shunday bo'lmasa, zo'ravonliklar takrorlanishi ehtimoldan xoli emas.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG