Qirg’izistonda bir uddaburo tadbirkor chigirtka boqib, Xitoyga sotishni ko’zlamoqda. Mamlakatda tashkil etilgan birinchi chigirtka fermasida yetishtirilayotgan oqsilga boy bu hasharotlardan un tayyorlanadi, chigirtkalar qovurilib qadoqlanadi.
Odil G’aparov fermada bir tonna chigirtka borligini aytadi. U bu ishga internetdagi bir maqolani o’qiganidan so’ng kirishgan.
"Asosiy maqsadimiz oqsilga boy un tayyorlash. Ko’plab mikro va makro elementlardan iborat bunday unda kamida 70 foiz oqsil bor”, - deydi tadbirkor.
G’aparovning aytishicha, xitoylik xaridorlar diqqatini tortish uchun fermada kamida 5 tonna chigirtka bo’lishi kerak. Chigirtka unini tadbirkor kilosiga 7000 qirg’iz so’mi yoki 82 dollarga sotmoqda.
"Bir nechta kompaniya bilan gaplashyapmiz. Ular unni katta miqdorda sotib olmoqchi. Hozircha bunday salohiyatimiz yo’q. Bu kompaniyalar undan ozmoqchi bo’lgan odamlar yoki sportchilar uchun proteinli batonlar ishlab chiqarmoqchi”, - deydi G’aparov.
Unga ko’ra, chigirtkani yetishtirish uchun harorat 30 darajadan yuqori, barqaror, namlik minimal bo’lishi lozim.
"Buning uchun Qirg’izistonda ajoyib sharoit mavjud. Har bir viloyatda shunday fermalar tashkil etib, mahsulotni eksport qilsak bo’ladi. Xitoyliklar yiliga 30 ming tonna chigirtka iste’mol qiladi, ammo o’zida atigi 20 ming tonnasini yetishtiradi”, - deydi tadbirkor.
G’aparov bu biznes u uchun yangi ekanini, texnologiyani internet orqali o’rganayotganini aytadi.
"Xatolar ham bo’lyapti. 6 oyda uch marta bir kecha-kunduzda chigirtkalarning butun avlodi nobud bo’ldi”, - deydi u.
Chigirtkalardan un tayyorlash bilan birga tadbirkor ularni qovurib, pivo uchun gazaki sifatida ham sotmoqda.
"Xushbo’y ziravorlar qo’shib tayyorlaymiz”, - deydi G’aparov.
Facebook Forum