Breaking News

Qirg'iziston parlament tizimiga o'tish taraddudida. Qiyinchilik va xavotirlar


Qirg'iziston parlament tizimiga o'tish taraddudida. Qiyinchilik va xavotirlar

Qirg’izistonda yangi konstitutsiya ustida ish yakunlanar ekan, mamlakat referendumga tayyorgalik ko’rmoqda. Agar xalq yangi qomusni qabul qilsa, Qirg’iziston parlament tizimiga o’tadi, prezident vakolatlari esa cheklanadi. Yangi parlament va prezident saylovlari oktyabrga belgilangan. Jarayon borasida ma’lum xavotirlar bor. Vashingtonda mavzu muhokama etilgan.

Qirg’izistonda 2005 yil Lolaqizg’aldoq inqilobi o’zini oqlamagach va mamlakatni besh yil boshqargan Qurmanbek Bakiyev Qirg’izistonni “demokratiya oroli”dan avtoritar davlatga aylantirgach, yangi o’zgarishlar shamoli esdi. Eski xatolarning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik uchun muvaqqat hukumat boshqaruv tizimini isloh qilishga kirishdi. 27 iyun kuni yangi konstitutsiya loyihasi referendumga qo’yiladi. Unga ko’ra, prezident faqat bir marta olti yilga saylanishi mumkin xolos. Vazirlar mahkamasini esa deputatlar belgilaydi.

Biroq Qirg’iziston janubida Bakiyevga sodiq kuchlar qarshilik ko’rsatishda davom etar ekan, ayni damda kechayotgan jarayon izdan chiqishi xavfi katta. AQShda doktorlik darajasini yoqlayotgan qirg’izistonlik yosh siyosatshunos Emil Jo’rayevning aytishicha, janubdagi voqealarni shimol-janub to’qnashuvi sifatida ko’rmaslik kerak.

"Hokimiyat uchun kurashni asosan o’z manfaatlarini ko’zlayotgan turli guruhlar, turli shaxslar olib bormoqda. Aprel voqealari negizida esa asosan iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yotibdi. Korrupsiya kuchayib, Bakiyev rejimi repressiv siyosatni olg’a surgani xalq noroziligiga sabab bo’ldi", - deydi Jo’rayev.

Uning aytishicha, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev janublik bo’lgani bilan 5 yillik rahbarligi davrida mintaqa bundan foyda, naf ko’rmadi. Janubliklar hayoti o’zgarmadi.

"Janubni elektr quvvati, O’zbekiston tabiiy gazi bilan ta’minlash muammolari o’z o’rnida qoldi. Chegara muammolari hal bo’lmadi. Akayev davrida boshlangan yo’l qurilishlari nihoyasiga yetkazilmadi", - deydi qirg’izistonlik olim.

Muvaqqat hukumat o’tmish xatolarini takrorlamaslik va xalq manfaatlarini himoya qiluvchi tizim yaratish maqsadida konstitutsion islohotlar ustida ishlamoqda. Prezidentlikning achchiq tajribasi bilan yuzlashgan siyosatchilar Qirg’izistonga parlament tizimi to’g’ri keladi, deb, yangi qomusda prezident vakolatlarini cheklab, deputatlarnikini kengaytirmoqchi. Biroq muvaqqat hukumatning o’zida bu borada yakdillik yo’q.

Mudofaa vaziri lavozimini bajarayotgan Ismoil Isoqov nazarida yangi tizim prezident va parlament tizimlari qorishmasidan iborat bo’lishi kerak. Ya’ni prezident davlat rahbari bo’lib qoladi, bosh vazir lavozimi bekor qilinib, 1993 yilgacha amalda bo’lgan vitse-prezident lavozimi tiklanadi. Parlamentga esa vazirlar mahkamasini tayinlash va iqtisodiy siyosatni belgilash yuklanadi.

Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva o’rinbosari, sobiq bosh prokuror Azimbek Beknazarov nazarida 1993 yilgi konstitutsiyaga qaytish zarur. Unda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o’rtasida muvozanat aks ettirilgan edi, deydi Beknazarov. Biroq Otunbayeva parlament tizimiga o’tish qarorida qat’iy.

Qirg’iziston bunga tayyormi, degan savol bugungi kunda ko’p so’raladi. Saylov tizimlarini o’rganuvchi AQShdagi nodavlat tashkilot mutaxassisi Entoni Boyer shunday fikr bildiradi.

"O’tmish saboqlaridan kelib chiqadigan bo’lsak, “parlament tizimi Qirg’iziston uchun zarur” degan xulosaga kelish mumkin. Biroq bunday tizim fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalarning faol bo’lishini talab qiladi, ular esa bugungi kunda sust. Umuman, sobiq Sovet respublikalari orasida birontasini parlament tizimiga tayyor deb bo’lmaydi. Balki Qirg’iziston birinchi bo’lib buni uddalar", - deya umid bildiradi Entoni Boyer.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari Qirg’izistondagi jarayonlardan to’g’ri xulosa chiqarishi kerak.

"Qirg’izistondagi voqealar qo’shni davlatlarni xavotirga solgan. 2005 yil inqilobidan so’ng ham shunday bo’lgan edi. Ular bundan ijobiy xulosa chiqaradi, muxolifatni yanada bosib, avtoritarizmni kuchaytirish yo’lidan bormaydi, degan umiddaman. Mintaqa rahbarlari muxolifatni siyosiy jarayonlardan chetlashtirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Qirg’iziston misolida ko’rdi. Biroq hozircha Tojikistondan boshqa davlatlar siyosiy liberalizatsiyaga tayyor emas, deb hisoblayman", - deydi amerikalik ekspert.

Janubiy Karolina universiteti professori Tomas Vud nazarida muvaqqat hukumat referendum va saylovlarga puxta tayyorgarlik ko’rishi lozim. Aks holda mamlakatni yangi o’zgarishlar kutmoqda.

"Saylovlarning erkin va adolatli qabul qilinmasligi eng katta xavotirlardan biri. Muvaqqat hukumat qonun ustuvorligi haqidagi gaplarini amalda isbotlashi zarur. AQSh va xalqaro hamjamiyat esa unga bunda yordam berishga tayyor".

Aks holda, deydi Vud, namoyishlar to’lqini yangidan boshlanishi mumkin.

“2005 yilda asosan Qurmanbek Bakiyevga ovoz bergan etnik o’zbeklar bu safargi saylovlarda qaysi yo’ldan boradi”, degan savolga Vud shunday javob beradi:

"Janubdagi o’zbeklar Bakiyevga uni qo’llab-quvvatlagani yoki yoqtirgani uchun ovoz bergan, deb o’ylamayman. Qirg’iziston tajribasidan shu narsa ma’lumki, etnik ozchilikdagi guruhlar hamisha qo’li baland siyosatchi tomonida bo’lgan. Bu safar esa o’zbeklarning bir qismi o’z huquqlarini talab qilishda faollik ko’rsatmoqda".

Bu bilan bog’liq xavotir shuki, Bakiyev tarafdorlari provokatsiyasi tufayli o’zbeklarning faolligi tuzumga, qirg’iz davlatchiligiga qarshi harakat deb ko’rilishi mumkin. Janubda hozir vaziyat og’ir. Bakiyevga sodiq kuchlar etnik nizo keltirib chiqarishga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG