Qirg'izistonlik o'zbek jurnalistiga nisbatan tahdidlar kuchaymoqda


Qirg'iziston matbuotida jurnalistga qarshi kampaniya boshlandi.

Qirg`izistonda Ulug`bek Boboqulovga nisbatan tahdidlar kuchaygan, mahalliy o`zbeklar qirg`iz millatchilari tomonidan haqoratlanayotgani haqida maqola chop etgan jurnalistga nisbatan uyushtirilayotgan bosimga o`zbek oqsoqollari ham jalb etilmoqda. Qirg`iziston matbuoti o`zbeklar zich yashaydigan hududlarda Ulug`bek Boboqulovni javobgarlikka tortish so`ralgan muhokamalar o`tkazilgani haqida yozmoqda. Qirg`iziston hukumati jurnalistning maqolasiga asos bo`lgan ijtimoiy tarmoqlarda sartlar va o`zbeklarni o`ldirishga doir chaqiriqlar yuzasidan biror tekshiruv boshlagani haqida ma`lumot yo`q.

Jurnalist Ulug`bek Boboqulov Qirg`izistondagi o`zbeklar millatchilar tahdidiga uchrayotgani, o`zbeklarni haydash, o`ldirishga doir ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarni tahlil qilishi ortidan o`zi ham o`lim haqidagi tahdidlarga nishon bo`lmoqda.

Jurnalistga ijtimoiy tarmoqlar, matbuot vositasida tahdidlar yog`ilmoqda. Hukumat uning maqolasida ko`rsatilgan muammo – jamiyatdagi millatchilik, zo`rlikka doir chiqishlarga emas, Boboqulovning o`ziga nisbatan bosim kampaniyasini boshlagan.

Qirg`iziston markaziy televideniyesida va matbuotda Ulug`bek Boboqulovni milliy nizo qo`zg`atishda ayblovchi ko`rsatuvlar, maqolalar ko`paygan. So`nggi paytda bu bosim kampaniyasiga Qirg`izistondagi o`zbeklar ham jalb qilinmoqda, qirg`iz matbuoti O`sh va Jalolobodda o`tgan muhokamalarda oqsoqollar jurnalist Boboqulovni javobgarlikka tortishni talab qilishayotgani haqida yozmoqda.

Jurnalistning o`zi hukumat nega mummoga emas, muammo mavjudligini ko`rsatgan jurnalistga nisbatan bosim kampaniyasini boshlaganidan hayratda.

Ulug`bek Boboqulovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, O`sh va Jaloloboddagi oqsoqollarning bu kampaniyaga tortilayotgani hokimiyat tashabbusi, muhokamada qatnashganlarning aksariyati maqola mohiyati bilan tanishmagan ham.

“O`zbek oqsoqollar o`zlarining tashabbusi bilan chiqmagan, viloyat hokimligi tomonidan uyushtirilayotgan tadbir, men ularni tushunaman, hokimiyat tomonidan shunday buyruq bo`lgan. Afsuski, ularning birortasi mening maqolam nima haqida ekanligini o`qib ko`rishmagan, yoki tushunishmagan. Bu muhokamalarning shunchaki buyurtma ekanligi ko`rinib turibdi”, - deydi u.

Ulug`bek Boboqulovning “Ferghana.ru” nashrida chop etilgan maqolasi qirg`iz jamoatchiligi vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamasini tahlil qiladi. Mamlakatdagi millatlararo munosabat muhokama qilingan bu chiqishlarda “sartlar”, o`zbeklarni quvish, o`ldirish tahdidlari ochiq aytilayotganiga diqqat qilinadi. Maqola Qirg`iziston jamoatchiligida keskin munozaralar bilan kutib olindi, parlament deputatlari muhokama qilishdi. Deputatlar Boboqulovning maqolasini milliy nizo qo`zg`ashga qaratilgan deb topishdi, jurnalistni mamlakat fuqaroligidan chiqarish taklifini ham bildirishdi.

Ulug`bek Boboqulovga ko`ra, qirg`iz jamoatchiligida millatchilik mavjud, O`shda kuzatilgan qirg`inlardan yetti yil o`tib ham bu muammo yo`qolmagan, buning sabablaridan biri siyosiy kuchlarning millatchilikdan o`z manfaaflari yo`lida foydalanishayotganida.

“Ijtimoiy tarmoqlarning qirg`iz jamoatchiligi doxil qismida millatchilikka doir chiqishlar kengayib bormoqda, bu bor gap, mening maqolam aynan shu haqda. Afsuslar bo`lsinki, hukumat millatchilarga qarshi kurashish o`rniga, menga nisbatan bosim kampaniyasini boshlashni ma`qul ko`rdi. Deputatlar meni fuqarolikdan mahrum etish tashabbusi bilan chiqishdi, hokimiyat mamlakat janubidagi o`zbek oqsoqollarini ham menga qarshi qo`yishga kirishmoqda, go`yo ular mening javobgarlikka tortilishimni talab qilishayotgan emish. Men bunga achinaman, ularning ko`pchligi maqola mohiyatini anglamagan. Nazarimda, aksincha, bunday bayonotlar mamlakatda millatchilik kayfiyati yanada urchishiga xizmat qiladi, millatchi guruhlarning turli tahqirlovchi chiqishlari, bayonotlariga imkoniyat beradi. Bu esa vaziyatni qaltislashtiradi, xolos. Hozirga kelib menga nisbatan haqorat, tahdidlar ko`lami kuchayib bormoqda, o`ldirish bilan tahdid qilayotganlar ham bor”, - deydi Boboqulov.

Bosh qarorgohi AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish Qo`mitasi Ulug`bek Boboqulovning xavfsizligini ta`minlashni so`rab Qirg`ziston hukumatiga murojaat bilan chiqdi.

Boboqulov Qir`gizistonda dolzarb muammolarni ko`tarib kelayotgan mustaqil jurnalistlardan hisoblanadi. Avvalroq, u Qirg`iziston televideniyesidagi millatchilik ko`rinishlari haqida maqola yozgan edi. Bu maqoladan so`ng ham uning uyi noma`lum odamlar tomonidan kuzatila boshlangan, jurnalist bu haqda huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga majbur bo`lgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG