Breaking News

O’sh va Jalolobodni tiklash uchun 500 million dollar kerak


Qirg’iziston rasmiylari hisob-kitobiga ko’ra, janubda o’tgan oy elatlararo to’qnashuv paytida vayron bo’lgan shaharlar – O’sh va Jalolobodni qayta qurish uchun 500 million dollar kerak.

10 iyunda boshlangan qirg’inda qariyb 2 ming odam halok bo’lgan.

Asosan, o’zbeklar yashab ishlovchi minglab bino, xonadonlar, maktablar yoqib yuborilgan. Muvaqqat hukumat 27 iyulda poytaxt Bishkekda xorij donorlari bilan uchrashishni rejalamoqda.

O’shliklar nazarida esa hozir ahvolni, ayniqsa, iqtisodiyotni yaxshilash qiyin. Ayniqsa, yoshlar ish bilan ta’minlanmasa, ijtimoiy vaziyat yaqin o’rada o’zgarmaydi.

"Sovet imperiyasi qulagandan keyin xususiylashtirish boshlandi. Davlat mulki aholiga bo’lib berildi. O’sh oblastida 1,5 million aholi bo’lsa, shahar aholisidan tashqari hammaga yer-suvni taqsimlab bergan, ammo shahar odamlariga bunday olib qaralganda, hech narsa tekkani yo’q. Shunga qaramay, o’zbeklar sekin-sekin, birni biriga qo’shib, asta o’zlarini tiklab oldi”, - deydi o’shlik mana bu suhbatdosh.

“Chegaralar ochildi. Odamlar Rossiya, AQSh, Yevropada ishlab yuribdi. Ular yuborgan pul O’sh iqtisodiyotini ko’tardi. Lekin umuman shaharda vaziyat og’ir, qishloqda undan ham. Na bir korxona, na bir muassasa… To’g’ri, qayerdadir pivo, qayerdadir suv ishlab chiqarilmoqda, ammo buning bilan iqtisodiyot ko’tarilmaydi”, - deydi u.

“Hozir oldimizda turgan asosiy masala – qishloq xo’jaligini, chorvachilikni ko’tarish. Industriyaga kelgan, bu yo’nalishda ish qiladigan yuksak saviyadagi mutaxassislar yo’q. Biror loyiha boshlash uchun, bundan tashqari, mablag’ kerak. Uni qayerdan olasiz? O’shda faqat chorvachilik va qishloq xo’jaligi bilan biror natijaga erishish mumkin. Buning uchun ko’p xarajat qilish ham kerakmas”, - deydi O’sh farzandi.

“Iqtisodiy ahvol og’ir bo’lgani uchun odamlar uy-joyini tashlab, Rossiyaga mardikorchilik qilishga kerishga majbur bo’layapti. Hatto keksa ayollar hayotini oxirida ham shunga majbur. Odamga hech kim bunday qiyinchilikni ravo ko’rmaydi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG