Breaking News

Bishkek bilan bahsda Mirzakmatovning qo’li baland keldi


Qirg’iziston janubi shu kunlarda yana notinch. Kechagi namoyishni kuzatar ekan, tahlilchilar muvaqqat hukumat O’sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov bilan bahsni boy bergan ko’rinadi, deydi. Mirzakmatov hukumat bosimiga qaramay, ishdan ketmoqchi emas.

Janub va shimol bir-biridan tobora uzoqlashib bormoqda.

Melis Mirzakmatov kecha Bishkekdan qaytib, olomonni qarshilar ekan, o’zini g’oliblarcha tutgan. “O’sh shahar hokimi bo’lib qolaman”, - deydi u.

Hafta o’rtasida Rossiyaning Kommersant gazetasi Mirzakmatov bilan suhbatni chop etgan.

Hokim muvaqqat hukumatni tan olishdan bosh tortib, “uning qarorlariga bo’ysunmayman”, degan.

Payshanba va juma kunlari O’shda Mirzakmatov haqida turli xil gap-so’z tarqalgan. Ba’zilar uni qamoqda, boshqalar prezident Roza Otunbayeva hokimni ishdan bo’shatmoqchi deb taxmin qildi.

Natijada payshanba kunduz O’sh hokimiyati oldida g’azablangan olomon to’plana boshlagan.

Mirzakmatov qirg’iz millatchisi sifatida ko’riladi va namoyishda qatnashganlarning aksariyati uning tarafdorlari. Ba’zilari yoz boshida etnik to’qnashuvda o’lgan qirg’izlarning qarindoshlari. Jahl otiga mingan omma namoyishni tasvirga olayotgan xorijlik ikki operatorga hujum qilgan.

Abdiyeva Turg’unoy namoyish tashkilotchilaridan. Hokimni qo’llab-quvvatlaymiz, chunki Mirzakmatov o’zbeklarga qarshi turib bera oladi, bizni himoya qiladi, deydi ayol “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Peshindan keyin Melis Mirzakmatov omma oldiga chiqqanida, odamlar – qariyb 3 ming kishi uni olqishlar bilan kutib olgan. “Hech qayerga ketmayman. Siz bilan qolaman”, dedi hokim. Namoyishchilar orasida esa “g’alaba, g’alaba” degan hayqiryiqlar yangragan.

Janub va shimolni birlashtirish, adovatni tugatishga tirishar ekan, bosh vazir muovini Azimbek Beknazarov ham xalqqa murojaat qilgan. “Hukumat Mirzakmatovga boshqa ishlar taklif qilgan, lekin u hali ham O’shning hokimi”, deydi Beknazarov. Norozi omma Beknazarovni ham kaltaklashga uringan. Rasmiy ko’p o’tmay maydondan qochishga muvaffaq bo’lgan.

Hokim Mirzakmatov O’shga Yevropa politsiyachilari kirishiga qarshilik bildirib keladi. 50 kishidan iborat guruh shu oy kelishi va asosan qirg’izlardan iborat militsiya ishini kuzatishi kutilmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Qirg’izistonda qayta qurish ishlari uchun 1,1 milliard dollar va’da qilar ekan, evaziga Yevropa politsiyachilari O’sh va Jalol-Obodga kiritilishi kerak. Biroq Mirzakmatov nazarida ajnabiy ofitserlar mahalliy militsiya ishiga bosh suqishi noto’g’ri.

Nodir ismli o’zbek faolining aytishicha, Yevropa kuzatuvchilari imkon qadar tez yetib kelishlari darkor. “Mahalliy aholi huquq-tartibot xodimlariga ishonmaydi, chunki militsiya mayda elatlarga nisbatan o’ta qo’pol muomala qilmoqda”, - deydi u.

“Hokimning idorasi boshdan oyoq isloh qilinishi kerak”, - deydi Nodir. Biroq Mirzakmatov ishda qolar ekan, Nodir kabi faollar xorijga bosh olib ketish haqida jiddiy o’ylanib qolgan.

XS
SM
MD
LG