Breaking News

Qirg'iziston: "Diniy boshqarmani adolatli inson boshqarishi kerak"


Qirg’iziston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi muftiy Chubaq Hoji Jalilov sog’lig’i yomonlashgani sabab iste’foga chiqqanini e'lon qilgan edi. Ammo aksar kuzatuvchilar nazarida diniy arbob aslida hukumat bilan chiqisha olmagan.



Qirg’izistonda so’nggi ikki yarim yilda to’rt bor muftiy almashdi. Chubaq hoji Jalilov Qirg’iziston musulmonlari diniy boshqarmasini so’ngi ikki yil mobaynida boshqarib kelayotgan edi. U diniy idoralarda korrupsiyaga qarshi kurash boshlaganini e’lon qilgan, ayni paytda muxolifatning ayblovlariga duchor bo’lgan. Tobora avj olgan ichki kurash va o’zaro ayblovlar oqibatida muftiy Chubaq Jalilov kuni kecha istefoga chiqqanini ma’lum qildi.

Jalol-Obod shahridagi “Islom ta’limi markazi” deb nomlangan nodavlat tashkilot rahbari, dinshunos olim Dilmurod hoji O’rozovning aytishicha, Chubaq Jalilovni iste’foga chiqarishga bo’lgan urinishlar bundan besh-olti oy oldin boshlangan.

“Muftiy janoblari diniy boshqarma faoliyatiga bir qancha yangiliklar kiritmoqchi bo’ldi, - deydi dinshunos. - Ammo kimlarnindir g’ashini keltiradigan ishlarga ham kirishib ketdi. Eng asosiysi, haj marosimini tashkil qilish atrofidagi ishlar. Bu masalada korrupsiyani yo’qotamiz, deb muftiy hazratlari hamma narsani o’z qo’liga oldi. Ikkinchidan, barcha masalalarda yagona hukmdorlik qilishga intilishi boshqa diniy arboblarning e’tiroziga uchradi. Oqibatda qarama-qarshiliklar paydo bo’ldi.

So’ngi yillarda Qirg’izistonda diniy boshqarma rahbarlari bir necha bor almashgan. Muftiylarning har biri nojo’ya amaliyotlarda shubha ostiga olingan va ayovsiz tanqid qilingan.

“Bu shunday jarayonki odamlarda buyuk maqsadlar yo’q. Faqat shaxsiy manfaatlar, intilishlar bor. Masalan, muftiyatda ayrim guruhlar asosiy rolda o’z odamlarini ko’rishni istaydi. Aytaylik, kriminal tizimlarning qanday qiziqchiligi bor bu masalada? Yana kelib hamma narsa pulga taqaladi”, deya davom etadi Dilmurod O’rozov.

Chubaq Jalilov o’rniga Rahmatillo Egemberdiyev muftiy vazifasini bajaruvchi etib saylangan. Ulamolar kengashi Egamberdiyevdan ikki oy davomida mamlakat diniy boshqarmasining yangi nizomini tuzib chiqishni talab qilgan. Dinshunos Dilmurod O’rozov fikricha, asosiy muammo noqobil odamlarning diniy idoraga ishga kirishida.

“Muftiy hazratlari birinchidan adolatli inson bo’lishi kerak. Dastavval, qadrlar masalasida adolat bo’lishi lozim. Bugun o’z ishining ustasi bo’lmagan yoshlar tepaga chiqib olib, ishni buzib qo’yishyapti. Ular din maktabini amaliyotda ko’rgani yo’q, imomlik qilgani yo’q, odamlar bilan ishlashni bilishmaydi. Ikkinchidan, dinning saviyasini ko’tarish uchun diniy ma’lumoti yuqori darajada bo’lsihi darkor”, deydi u.

Yana uning aytishicha, davlat ham diniy idorani qo’llashi, himoya qilishi kerak.
“O’shandagina barqarorlik bo’ladi, - deydi dinshunos. - Aks holda, beqarorlik, turli oqimlar faoliyati kuchayishi ehtimoli bor. Ayni paytda muftiyat o’ziga tegishli ishlarni bajarishi kerak. Eng asosiysi, Qirg’izistonda musulmonlarning boshini biriktirib turgan shariatning garanti bo’lishi lozim. Bu borada diniy idoraning vazifasi musulmonlarning bilimini orttirishdan, dinini tushuntirishdan, dinini yekazish va to’g’ri yo’nalishga yo’naltirishdan iborat.

Ayni paytda oddiy musulmonlar diniy boshqarmadagi tortishuvlar ijobiy yechim topib, muammolar barham topishidan umidvor.

Dilmurod hoji O’rozov fikricha, hajni tashkil ishlarini diniy idora qo’lidan olib, sayyohlik firmalariga topshirish kerak.

“Haj masalasiga kelsak, haj o’zi juda katta biznes, - deydi u. - Shunday ekan, davlat uchun ham foydali bo’lishi uchun, diniy idoraga ham zarar bo’lmasligi uchun va odamlar ham turli norozilik bildirmasligi uchun haj amaliyoti tashkiliy ishlarini turistik firmalarga berish maqsadga muvofiq bo’lardi, deb o’ylayman”.


Qirg'iziston janubidagi diniy obidalardan fotoreportaj
Ulug'bek Sokin olgan suratlar


XS
SM
MD
LG