Qirg’izistonliklar: AQSh siyosati yaxshi tomonga o’zgarmadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Riyodda o'tgan xalqaro anjumanda, 21-may, 2017-yil, Riyod, Saudiya Arabistoni.

Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, Barak Obama davrida ham Markaziy Osiyoda Amerika Qo’shma Shtatlarining obro’si baland bo’lmagan. AQShdagi farovonlikni olqishlar ekan, ko'pchilik Vashingtonning tashqi dunyo ishlariga huda-behuda aralashaverishidan norozi.

Hozirda Qirg’iziston ahli AQSh siyosatini qanday baholamoqda?

O’shlik shoir Muhammadsoli Ismoilov ma’lum muddat AQShda yashab, faoliyat yuritgan. Mamlakat tarixi, madaniyatini o’rgangan. Amerika siyosatiga befarq emas.

Uningcha, amaldagi ma’muriyat o’zining puxta o’ylanmagan bayonotlari bilan dunyoning ko’plab mamlakatlarini tashvishga solib qo’ydi.

“Oqibatda Obama prezidentligining oxirgi yillarida ancha tushib ketgan Amerikaning obro’siga yana putur yetdi. Menimcha, Qirg’iziston ommasi fikrida ham salbiy tarafga o’zgarishlar boldi”, - deydi suhbatdosh.

Teatr rejissori, tarjimon Erkinboy Boynazarov Tramp davrida ko'p narsa o'zgarmaganini aytadi.

“Tramp janoblari saylovoldi va keyingi chiqishlarida ko’proq iqtisodga e’tibor berishini, dunyoning biznes ahli bilan aloqalarni kuchaytirishini aytgan edi. Menimcha, bu so’zlar hozircha qog’ozda qolayotir. Tashqi siyosatda Vashington yana Amerikaning ustuvorligini ta’minlashga urinayapti. Yaqin Sharqdagi siyosat o’zgargani yo’q”, - deydi u.

Taniqli iqtisodchi, siyosatshunos Erkin Abdirazaqov fikricha, oliy boshqaruv tizimlaridagi o’zaro ziddiyatlar yangi ma’muriyat salohiyatiga va umuman AQShning obro’siga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Suhbatdoshga ko’ra, keyingi paytlarda Markaziy Osiyo va Yaqin Osiyoda Rossiya hamda Xitoy ta’siri tobora kengayib borayotir. Amerika oldida esa dunyoda ta’sir doirasini qayta ko’rib chiqish zaruriyati turibdi.

Iqtisodchi fikricha, Yevropada ham Vashington siyosatiga nisbatan tanqidiy qarashlar kuchaymoqda. Uning aytishicha, ertami-kech Bryussel Rossiya bilan munosabatlarni izga solish payida bo’ladi.

O’shlik shoir, tahlilchi Muhammadsoli Ismoilov “muxolifat va Amerika ommaviy axborot vositalari Donald Trampga xotirjam ishlash imkonini bermayapti”, - degan fikrlarga qo’shilmaydi.

Uningcha, davlat rahbari har-xil tanqid va zarbalarga munosib javob berishga tayyor bo’lishi lozim.

“Ehtimol, matbuot ba’zan pashshadan fil yasayotgandir, lekin Tramp janoblarida bunday da’volarning oldini olish, tegishli javob berish layoqati yo’qqa o’xshaydi”, - deydi u.

Suhbatdoshlar nazarida, hozirgi ma’muriyat Amerikaning obro’sini tiklash uchun qo’ldan kelgancha harakat qiladi. Agar o’ta qo’pol xatolarga yo’l qo’yilmasa, bunga erishish mumkin.

“Amerika buyuk, ulkan salohiyatga ega, bag’ri keng davlat. Aytaylik, Markaziy Osiyoga, jumladan, Qirg’izistonga ta’lim sohasida, erkin matbuotni rivojlantirishda, qator boshqa sohalarda katta ko’mak ko’rsatayotir. Bu o’rindagi hamkorlik samaralarini mahalliy jamoatchilik va ayniqsa, ziyolilar yaxshi biladi. O’ylaymanki, bunday aloqalar yanada rivoj topadi. Amerikaning obro’si, turli sinovlarga qaramay, saqlanib qoladi”, - deya xulosa qiladi shoir va tahlilchi Muhammadsoli Ismoilov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG