Breaking News

Qirg'iziston yoshlari: Davlatni inqirozdan olib chiqish yo'llari bor


Ayrim kuzatuvchilar nazarida Qirg’izistonda yil boshidan beri tinmayotgan norozilik chiqishlari fuqaroning davlat tizimidagi xato va kamchiliklardan to'yganidan dalolatdir. Jumladan, yoshlar tashkilotlari korrupsiyaga chek qo’yish, boshqaruv tizimlarini yangilash, tub islohotlar o’tkazish kabi keskin talablarni olg’a surmoqda.

Qirg'iziston yoshlari va siyosat/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:34 0:00
Yuklab oling

2010-yilgi aprel inqilobidan so’ng yoshlar tashkilotlari mamlakat hayoti, jumladan, boshqaruvda faolroq qatnashishga urinib kelmoqda. Asosiy talablar – g’ayratli, zamonaviy fikrlovchi avlodga siyosatda ko’proq joy berish. Ko’pchilik hozirgacha eski amaldorlar ustun ekani va bu hol olg’a siljishga xalaqit berayotganini aytadi.

O’shlik yosh arxitektor Joomartning aytishicha, Qirg’iziston ahli turli mitinglar, norozilik chiqishlaridan charchagan.

“O’lkada siyosiy ahvol barqarorlashishi uchun aholi o’z ishi bilan mashg’ul bo’lishi kerak. Bo’lar-bo’lmas norozilik chiqishlaridan olisroq yurish darkor. Yoshlar parlamentdan joy olishi lozim. Eski rahbarlar o’zlarigina o’tiravermay, yoshlarni ham qo’llab-quvvatlasin. Axir, kelajak yoshlarniki!” - deydi u.

Yosh olim, siyosatshunos Alisher Hamidov fikricha, Qirg’iziston hayotiga asosan yechilmagan to’rt muammo ta’sir qilayotir.

“Birinchisi - siyosiy qoidalarning shakllanmagani. Ya’ni hokimiyat butoqlari, prezident, hukumat va parlament o’rtasida boshqaruv vositalarining to’la bo’linmagani. Oxirgi yillarda yuz bergan voqealar aynan shu sababdan kelib chiqqan. Bu masalani albatta yechish kerak. Bosh qomusni har besh yilda almashtiravermay, bir konstitutsiyani qabul qildikmi, o’shanga rioya qilib yashaylik. Ikkinchi masala – iqtisodiyot. Qirg’iziston aniq bir yo’nalishda ketmadi. Ayni paytda davlat o’ziga ancha ko’p mas’uliyatlarni olgan. Uchinchidan, menimcha, inqirozlarning oldini olishni xohlasak, Qirg’iziston hamma millatlar uchun umumiy uy bo’lib qolishi lozim. To’rtinchi masala esa – tashqi siyosat”, - deydi siyosatshunos Hamidov.

Mahalliy kuzatuvchilar fikriga ko’ra, so’nggi ikki yilda Qirg’izistonda yoshlar jamoatchilik tashkilotlari soni keskin ko’paygan. Tashabbuslarning aksari siyosiy tusda, ammo iqtisodiy talab va takliflar ham oz emas.

“Bizda odatda yaxshi kadrlar tayyorlanadi. Ammo ularning ko’pi chet o’lkalarga ketib qolmoqda. O’shalarni vatanda olib qolib, ish topib berish kerak. Zavod, fabrikalarni qayta jonlantirish lozim”, - deydi ular.

“Eng asosiy muammo – korrupsiya. Uni yengish qiyin, ammo ozaytirish zarur”, - deydi mahalliy yoshlar.

Hamidov nazarida yoshlardagi siyosiy faollik ko’proq shaharlarda ko’zga tashlanadi, asosan qirg’iz yoshlaridagi. Ikki yil muqaddam mamlakatda yoshlar ishlari bo’yicha maxsus vazirlik tuzilgan. Hozir qiz-yigitlar bu davlat idorasini sustkashlikda ayblamoqda.

Kuzatuvchilar yoshlar tashkilotlari ayrim hollarda turli siyosiy guruhlar quroliga aylanib qolayotganini ta’kidlaydi.

Hamidov deydiki, maxsus vazirlikning tuzilishi davlat yangi avlod muammolari va qiziqishlaridan xabardor ekanidan dalolat beradi. Idoraning mablag’i oz, joylarda bo’limlari deyarli yo’q va umuman bunday idora odatda nazorat va kuzatish bilangina ovora.

Suhbatdoshlar fikricha, yoshlar qo’ygan talablar asosan yechilmagan ijtimoiy-iqtisodiy masalalardan kelib chiqadi. Ko’plari o’rinli.

“Talay hollarda ushbu talablar ortida qandaydir manfaatlarni ko’zlayotgan siyosiy guruhlar, elitalar turadi”, - deydi Hamidov.

Qirg’iziston qiz-yigitlari orasida yangi avlodga boshqaruvda to’la imkon berilsa, ular qisqa muddatda o’lkani siyosiy, iqtisodiy inqirozdan olib chiqadi, degan ishonch mavjud. Ammo, tahlilchilar fikricha, bu ishonch real vaziyatdan ancha olis ko’rinadi.
XS
SM
MD
LG