Breaking News

AQShda qochqinlarni qabul qilish markazlari qisqarmoqda


Lankaster ko'chalari
Lankaster ko'chalari

Oktabrda boshlangan 2018- moliyaviy yilning birinchi yarmida Tramp ma’muriyati 10 ming qochqinni qabul qildi, xolos. Bu qochqinlarni repatriatsiya qilish dasturining 38 yillik tarixida eng past ko’rsatkich.

AQShda qochqinlarni qabul qilish markazlari qisqarmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00

Amerika bo’ylab repatriatsiya markazlarida xodimlar qisqarmoqda. Davlat departamentiga ko’ra, qochqinlar sonining kamayishi xodimlar miqdorining qisqarishiga sabab bo’ldi. Biroq qochqinlar himoyachilari bunday siyosatning xato ekanini aytmoqda.

Amerikaga kelgan qochqinlar yangi hayot, yangi madaniyatga ko’nikishga harakat qilmoqda. Afrikaning Kongo mamlakatidan Pensilvaniyaning Lankaster shahriga joylashtirilgan bir oila mahalliy cherkovda maslahatlar olmoqda.

“Amerikada politsiyachi yoki davlat xizmatchilariga minnatdorchilik sifatida pul berish mumkin emas”, - deydi cherkov xodimlaridan biri.

Tramp ma’muriyati qisqartirishlari sabab bu yili Lankasterga ancha kam qochqin keltirildi, Lankaster immigratsiya va qochqinlar idorasi ba’zi xodimlarining javobini berishga majbur bo’ldi.

Idora direktori Sheyla Mastropiyetroning aytishicha, Tramp bu borada xato siyosat olib bormoqda, chunki AQShning qochqinlarga doir siyosati o’zgarib, ko’proq odamlar kela boshlasa, idora shoshib qoladi.

“Shunday bo’lgan taqdirda kadrlarga katta ehtiyoj tug’iladi, ammo ular boshqa ishlarda ishlayotgan bo’ladi. Yangi kadrlarni tayyorlash uchun vaqt va mablag’ kerak bo’ladi. AQSh hukumatida pul yetarlicha, yiliga kamida 75 ming qochqin qabul qilishimiz zarur”, - deydi mutaxassis.

Qochqinlar markazi zo’ravonlik, zulm, mojarolardan qochgan odamlarga Amerikada yangi hayot boshlashga yordam beradi. Bir oy oldin Kongodan bir guruh qabul qilindi. Ular hozir markazda shahar avtobus xizmati qanday ishlashi haqida ma’lumot olmoqda. Ikki yil oldin Lankasterga qochqin bo’lib kelgan Duks Kalamba endi yangi qochqinlarga yordam bermoqda.

“Odamlar, til, madaniyat, hamma narsa bu yerda o’zgacha. Amerika inglizchasi bilan Afrika inglizchasi o’rtasida farq bor. Ko’nikishga vaqt kerak, bu oson emas”, - deydi Kalamba.

Ish topish yana bir muammo. Qochqinlar markazi ularni mahalliy kompaniyalarga joylashtirmoqda.

Markaz xodimlariga ko’ra, Lankaster ahlining qochqinlarga odatda munosabati ijobiy, ko’plar ularga yordam berishga tayyor.

“Biz bu insonlarga quchoq ochishimiz kerak. Shahrimizda ko’plab madaniyatlarga guvoh bo’lasiz. Agar inson insonga yordam bermasa, yashashdan nima foyda?”, - deydi do’kon menejeri Bryus Marki.

Biroq qochqinlarga shubha bilan qarayotganlar, Trampning immigratsiyaga nisbatan qattiqroq siyosatini yoqlayotganlar ham bor.

“Jarayonni sekinlashtirish, mamlakatga kimlar kelayotganini nazorat qilish kerak. Odamlarni hunariga qarab qabul qilsak yaxshi bo’lardi”, - deydi moliyachi Mark Vergenes.

Lankasterga endigina kelgan kongolik Ebulalar oilasi Pensilvaniyaning sovuq bahoriga ko’nikolmay qiynalyapti. Mtabi Ebula Kongodan qochib, Tanzaniyadagi qochqinlar lagerida uzoq yil yashagan.

“Mana Amerikaga ham keldik, Amerika bizni o’z bag’riga oladi deb umid qilaman. Endi bu mening mamlakatim. Men va oilam bu yerdagi hayotga ko’nikamiz deb o’ylayman. Hech kim bizni hibsga olmaydi, bizga zarar bermaydi degan umiddaman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG