Breaking News

Lotin Amerikasida 14 million odam ochlikka yuz tutishi mumkin


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon Oziq-ovqat dasturi koronavirus pandemiyasi yengillashmasa, joriy yilda Lotin Amerikasida kamida 14 million odam ochlikka yuz tutishi haqida ogohlantirmoqda.

So’nggi hisoblarga qaraganda mintaqada oziq-ovqat kamomadidan qiynalganlar to’rt karra oshishi kutilmoqda. 2019-yilda 3,5 milliondan ozroq odam ochlik bilan olishgan edi.

Oziq-ovqat va yegulikka pul topish maqsadida umidsizlangan odamlar karantin qoidalarini buzishga majbur bo’lmoqda. Ba’zilar yordamga muhtoj ekanini bildirish uchun oq-qizil rangdagi bayroqlarni uyi yoniga osib qo’ygan.

“Koronavirusga qarshi alohida, ochlikka qarshi alohida kurashib bo’lmaydi. Bu ishni bir paytda qilish kerak. Ish to’g’ri amalga oshirilsa, ko’plab odamlarning hayotini saqlab qolish mumkin, aks holda odamlar nobud bo’ladi”, - deydi Jahon oziq-ovqat dasturi bosh direktori Deyvid Bizli.

Ochlikka, asosan, norasmiy sektorlarda ishlovchi odamlar hamda koronavirus pandemiyasi sabab ishidan ayrilganlar yuz tutmoqda.

Peruda yashovchi venesuelalik muhojir Raul Montero ishini yo’qotib, endi ko’chada mashina yuvishga majbur ekanini aytadi.

“Oldin bu ish bilan shug’ullanmaganman, ammo farzandlarimni boqish uchun majburman”, - deydi u.

Mintaqada joylashgan Braziliya koronavirus bilan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o’rinda turibdi. Peru, Chili, Meksika va boshqa mamlakatlarda ham kasallar ko’paymoqda, kasalxonalar bemorlarni qabul qilishga ulgurmayapti. Ayniqsa qishloq joylarda ahvol chatoq.

Jahon Oziq-ovqat tashkiloti mintaqa hukumatlaridan ijtimoiy yordamni kuchaytirishni so’ramoqda.

Oxirgi 7 yil davomidagi sust rivojlanish ketidan Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasida iqtisodiyot joriy yilda 5,3 foizga qisqarishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG