Lavrov: AQSh tashqi siyosati bo'yicha savollarimiz ko'p

  • Amerika Ovozi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (chapda) AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson bilan, 12-aprel, 2017-yil, Moskva, Rossiya.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Kreml AQShning ziddiyatli tashqi siyosati haqida ko'p savollarga ega. U bu haqda Moskvada AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda gapirdi. AQSh niyatlarini tushunishimiz muhim, dedi Lavrov.

Rossiya yetakchi diplomati o'tgan hafta Suriyaga uyushtirilgan AQSh hujumini ham tilga oldi. U hodisani "tashvishlanarli" deb atadi.

Tillerson qisqa bayonot berib, o'zaro uchrashuvlar muhim pallada ro'y berayotganini qayd etdi. O'zaro tafovutlar va manfaatlar haqida ochiq muloqot olib boramiz, dedi u.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Moskvadagi Vnukovo aeroportida, 11-aprel, 2017-yil.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Moskvadagi Vnukovo aeroportida, 11-aprel, 2017-yil.

AQSh diplomatining aytishicha, ikki davlat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqa kanallari doim ochiq qoladi. Nega ayrim sohalarda jiddiy tafovutlar mavjudligini tushunishni va bu farqlarni kamaytirishni istaymiz, dedi Tillerson.

Ikki davlat yetakchi rasmiylari o'rtasidagi muloqot AQSh Suriyadagi havo bazasini o'qqa tutishi ortidan o'zaro aloqalarda yuzaga kelgan murakkab bir paytda bo'lib o'tmoqda.

Nomi tilga olinmagan AQSh rasmiylarining matbuotga bergan xabarlariga ko'ra, AQSh hujum oldidan Rossiyani ogohlantirgan.

Italiyada bir kun oldin o'tgan "Katta yettilik" davlatlari yig'inida Rossiyaga va Suriya armiyasiga sanksiyalar qo'llash borasida yakdil kelishuvga erishilmagan. Tomonlar avval Suriya kimyoviy qurol qo'llaganini tasdiqlovchi tergov o'tkazilishi lozim, degan.

Suriyada tinch aholiga qarshi zaharli gaz ishlatilgani butun dunyoni larzaga soldi. AQSh voqea Assad rejimi armiyasi tomonidan amalga oshirilganini aytib, Suriya harbiy bazasini raketalar hujumiga tutdi.

"Katta yettilik" yig'inida AQSh va Britaniya Rossiyani Assad rejimidan uzoqlashtirish uchun Moskvaga qo'shimcha sanksiyalar joriy etishni talab qilgan, lekin Germaniya va Italiya avval tekshiruvlar o'tkazilishi lozimligini aytgan.

Kimyoviy qurol qurbonlari, Idlib, Suriya, 4-aprel, 2017-yil.
Kimyoviy qurol qurbonlari, Idlib, Suriya, 4-aprel, 2017-yil.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o'z navbatida kimyoviy qurol qo'llangani va uni kim qo'llagani yuzasidan BMTni tergov o'tkazishga chaqirgan. Kreml da'vosiga ko'ra, zaharli gazni Suriya hukumati qo'llamagan. Bu ishni o'rtada provokatsiya qo'zg'ash uchun boshqa kuchlar amalga oshirgan bo'lishi mumkin.

Hodisani mustaqil tekshirish uzun va murakkab jarayon. Bu haqda, avvalo, BMT rezolyutsiya qabul qilishi kerak va Assad hukumati qurol inspektorlarining mamlakatga kirishiga ruxsat berishi lozim.

AQShning Suriyaga nisbatan yondashuvi so'nggi kunlarda o'zgarib bormoqda. Davlat kotibi Tillerson Rossiyaga borishi oldidan Assadning Suriya kelajagidan o'rin olmasligiga umid qilishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG