Breaking News

Livan hukumati iste'fo berdi


Bayrut bandargohida saqlangan kimyoviy moddalar portlashi ketidan Livan hukumati iste’fo berdi. Tanqidchilar hukumatni beparvolik va e’tiborsizlikda ayblamoqda. Moddalarni port omborxonasidan olish haqidagi ogohlantirishlar inkor etib kelingani fojiaga yetaklagani aytilmoqda.

Minglab odam Bayrutda namoyish qildi. Ba’zilar siyosatchilarni dorga osishga chaqirdi.

2750 tonna ammiak selitrasining portlashi oqibatida 150 dan ziyod odam o’lgan, 6000 dan ortiq bayrutlik jarohat olgan, 250 mingga yaqin odam uysiz qoldi.

Xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutasaddilar o’tgan oy bosh vazirga ham, prezidentga ham omborxonadagi selitra haqida ma’lumot berib, uning xavfsizlikka tahdid ekani haqida ogohlantirgani oshkor bo’ldi.

Shaharda tozalash ishlari davom etmoqda. Ko’plab ko’ngillilar, yoshlar yordam beryapti.

“Mana shu supurgi bilan odamlarning uylarini tozalayman. Sirtmoq esa hammamizni o’ldirgan siyosatchilarni osish uchun”, - deydi Nido Hakim ismli ko’ngillilardan biri.

Namoyishlar shanba kuni boshlandi, xavfsizlik kuchlari ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’lladi. Namoyishchilar Tashqi ishlar vazirligi binosiga kirishga muvaffaq bo’ldi. Tunda xavfsizlik xodimlari kuch bilan ba’zi ko’chalarni namoyishchilardan tozalashga urindi.

Yakshanba kuni xalq yana ko’chaga chiqdi. Odamlar o’z hukumatiga ishonmasligini aytib, fojiani xalqaro komissiya tergov qilishini talab qilmoqda.

Ko’chaga do’stlari bilan chiqqan 21 yashar Izar Lahudning aytishicha, siyosatchilar o’limga mahkum etilishi yoki mamlakatdan haydalishi kerak.

“Ular faqat o’zini o’ylaydi, pul qilish bilan ovora. Odamlar o’lsa ham ishlari yo’q”, - deydi u.

Xalqaro hamjamiyat tiklanish ishlariga pul va’da qilgan, biroq aholi korrupsiya sabab milliardlab dollar o’zlashtirilishidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG