Breaking News

Mamlakatlar Livanga yordam qo'lini cho'zmoqda


Fransiyalik qutqaruvchilar Bayrutda

Livan poytaxti Bayrut portida kimyoviy modda saqlangan ombor portlashi natijasida o’lganlar soni 137 ga yetdi, salkam 5000 odam jarohat olgan, 250 mingdan ziyod aholi boshpanasiz qoldi.

Xalqaro hayot – 6-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:41 0:00

Mamlakatlar Livanga yordam berishga shoshilmoqda. Gumanitar yuk, mutaxassislar va tibbiy anjomlar ortilgan samolyotlar Turkiya, Italiya, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelib, birin-ketin Bayrutga qo’nmoqda.

Xususan, Italiyaga qarashli harbiy-transport samolyoti o’t o’chiruvchilar va qutqaruvchilarni hamda kimyoviy xavfsizlik bo’yicha mutaxassislarni yetkazdi. Shuningdek, Italiyaning Piza shahridan Livanga imoratlarning seysmik bardoshligini tekshiruvchi ekspertlar bordi.

Rossiya Bayrutga qutqaruvchilar va shifokorlarni hamda mobil gospital yubordi. Rossiya Favqulodda holatlar vazirligi vakili Sergey Voronsovning aytishicha, ular, asosan, vayron bo’lgan imoratlar ostida qolgan odamlarni qutqarish bilan shug’ullanadi.

“Binolar qoldiqlari ostida hali ham odamlar bor. Ularni topishda kinologlarimiz, dronlarimiz yordam beradi”, - deydi u.

Livanga koronavirus infeksiyasini aniqlovchi apparatlar ham yetkazilgan.

Turkiya gumanitar yordam ortilgan yuk yubordi. Turk qutqaruvchilari ham falokat zonasida faol ishlamoqda.

Eron Qizil Yarim oy jamiyati 95 tonna insonparvarlik yordami, tibbiy uskuna, oziq-ovqat bilan yordam bermoqda.

Fransiya 55 mutaxassisni yo’llagan. Ular qidiruv va qutqaruv ishlari bilan shug’ullanadi, hududning kimyoviy zararlanish darajasini o’rganadi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun Bayrutga borib, Livan rahbari Mishel Aun bilan uchrashdi, 2750 tonna ammiak selitrasi portlagan joyni ko’zdan kechirdi.

Isroilda Livandagi fojiaga o’ziga xos tarzda munosabat bildirildi. Falokat qurbonlari xotirasiga Tel-Aviv shahar merligi Livan milliy bayrog’i ranglariga kirdi. Ikki mamlakat bir necha yildan beri urush holatida bo’lishiga va o’rtada diplomatik aloqa bo’lmasligiga qaramay, Isroil qo’shni davlatga gumanitar va tibbiy yordam taklif etdi.

Dubay, Qohira kabi shaharlarda ham chiroqlar Livan bayroqlari rangida yondi. Parijdagi Eyfel minorasida shu tariqa qurbonlar xotirlandi.

Bayrutda minglab odam uysiz qolgan, hukumat ularni uy-joy, oziq-ovqat bilan ta’minlash ustida o’ylanmoqda. Shaharda ikki haftaga favqulodda holat joriy etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG